“Tolibon” Afg‘oniston fuqarolarini Kobul aeroportiga kiritmay qo‘ydi, endi aeroportga faqat chet elliklar kirishi mumkin. Bu haqda 24-avgust kuni “Tolibon” matbuot kotibi Zabihulla Mujohid ma’lum qildi.

Foto: AFP

Unga ko‘ra, “Tolibon” Afg‘oniston fuqarolarining poytaxt aeroportiga borishiga ortiq ruxsat bermaydi, bunga aeroportdagi tartibsiz vaziyat sabab bo‘lmoqda. Mujohidning aytishicha, aeroport hududida to‘plangan afg‘onlar uylariga qaytishi kerak, ularga hech kim tahdid qilmaydi.

So‘nggi kunlarda xorijiy harbiylar aeroportning muhofazadagi hududiga kirishni qattiq filtrlay boshlagach, Kobul aeroportining shimoliy tomonida “Tolibon” hokimiyatga kelgani sababli o‘z mamlakatini tezroq tark etishni istagan afg‘onlarning tartibsiz lageri paydo bo‘ldi. Lager bir necha kilometrga cho‘zilgan.

Jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Mujohidning aytishicha, “Tolibon” AQShdan afg‘onlarni o‘z mamlakatini tark etishga undamaslikni so‘ramoqda, chunki harakat “ularning iste’dodlariga muhtoj”.

Shuningdek, “Tolibon” xorijiy qo‘shinlarni Afg‘onistondan olib chiqish 31-avgustda to‘liq yakunlanishi kerak, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, 31-avgustdan keyin “Tolibon” Afg‘oniston fuqarolarini Kobul aeroporti orqali evakuatsiya qilishga ruxsat bermaydi.

Hozirda bir necha ming xorijlik harbiylar Kobul aeroporti orqali birinchi navbatda amerikaliklarni, so‘ng chet elliklar va afg‘onlarni evakuatsiya qilishni ta’minlamoqda. Tashqi nazoratni mustahkamlashda ularga “Tolibon” jangarilari yordam bermoqda.