Kobul aeroporti yaqin ikki kunga yopiladi, bu allaqachon uning hududida bo‘lib turgan odamlarni evakuatsiya qilish uchun kerak. Tegishli qaror evakuatsiya ustidan nazorat olib borayotgan Amerika harbiylari tomonidan qabul qilingan, deb yozadi Afg‘onistonning Khaama Press agentligi davlat departamentiga tayanib.

Amerika harbiylari Kobul aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagida

Foto: AP Photo

Agentlik qayd etishicha, aeroport yaqinida minglab erkak, ayol va bolalar to‘plangan bo‘lib, ular jaziramada kutib o‘tirishga majbur.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Kobul aeroporti ostonalarida tiqilinch va issiq havo oqibatida yetti nafar afg‘onistonlik halok bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, vaziyat o‘ta mushkul bo‘lib qolmoqda. “Muammoni iloji boricha xavfsiz tarzda hal qilish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solyapmiz”, — deyiladi muassasa xabarida.

Sky News xabariga ko‘ra, minglab afg‘onlar aeroport hududiga kirib olishga urinmoqda, ammo ularning ko‘pchiligi “Tolibon” tomonidan egallangan Afg‘onistonda evakuatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan fuqarolar toifasiga kirmaydi. Odamlar kecha-yu kunduz quyosh tig‘i ostida turibdi, ko‘pchilik issiqdan hushini yo‘qotmoqda.

Odamlar evakuatsiya qilinish umidida quyosh tig‘i ostida o‘tiribdi

Foto: Khaama Press

Afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilish 15-avgustda “Tolibon” Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatganini e’lon qilgan kuni boshlandi. The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, AQSh evakuatsiyaga tijoriy aviakompaniyalarni jalb qilmoqchi. Reyslar sonini oshirish uchun beshta aviakompaniyaning 20 ga yaqin samolyotlarini jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq “Tolibon” jangarilari Kobul aeroportidagi evakuatsiya jarayoniga aralashishga uringan taqdirda, AQSh ularga tezda javob qaytarishi haqida ogohlantirgan edi.

“Tolibon” Kobul aeroportidagi evakuatsiya ishlariga aralashmaslikka va’da bergan. Ammo amerikaliklar va ularning ittifoqchilari bilan hamkorlik qilgan afg‘onistonliklar “Tolibon” ularning ketishiga to‘sqinlik qilishidan qo‘rqmoqda.

The New York Times xabariga ko‘ra, “Tolibon” so‘roq qilish va jazolash uchun AQSh harbiylari bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarni qidira boshlagan. NYT ta’kidlashicha, “Tolibon” ro‘yxatdagi odamlarni jumladan Kobul aeroporti yaqinidan ham qidirmoqda, aeroport hozir mamlakatni tark etish mumkin bo‘lgan yagona joy.