Kobul aeroportida otishmadan keyin yong‘in ham sodir bo‘ldi. Bu haqda Al Arabiya hamda Misrning Ahram nashri xabar tarqatgan.

Foto: Ahram

Ijtimoiy tarmoqlarda aeroport hududi tutun bilan qoplangani aks etgan videolar tarqalgan. Biroq qayerda nima yonayotganini anglash qiyin.

Avval Bundesver 23-avgust tongida Afg‘oniston poytaxtidagi xalqaro aeroportda afg‘on harbiylari va noma’lum kuchlar o‘rtasida otishma sodir bo‘lgani haqida xabar qilgandi. Otishma oqibatida bir nafar afg‘on askari halok bo‘lgan, uch kishi jarohatlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, otishmada Germaniya va AQSh harbiylari ham ishtirok etgan.

“Tolibon” harakati Afg‘onistonni egallaganini e’lon qilganidan keyin Kobul aeroporti minglab afg‘onistonliklar va xavfsiz joyga evakuatsiya qilinishni istayotgan xorij davlatlarining fuqarolari bilan to‘lgan. Aeroportdagi hamma boshqa joyga samolyotda uchib ketish harakatiga tushgan.

Kobulga har biri 400 nafar odamni sig‘dira oladigan va evakuatsiya qiladigan AQSh harbiy havo kuchlarining 33 ta C-17 samolyotlari kelishi kutilmoqda. Afg‘onistonda tijorat reyslarining parvozi to‘xtagan. AQSh prezidenti Jo Bayden iyul boshidan beri Afg‘onistondan 33 ming nafar fuqaro evakuatsiya qilinganini bildirgan.

CNN telekanalining axborotiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar aerportdagi sarosima tufayli mazkur hududga faqat AQSh hamda NATOga a’zo davlatlarning fuqarolari, shuningdek, Green Card egalarini kiritish haqida qaror qabul qilgan.