Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy vaziyat beqarorligi tufayli Qirg‘iziston ushbu mamlakat fuqarolariga viza berishni chekladi. Bu haqda 24.kg nashri Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Xabarga ko‘ra, Qirg‘iziston hududiga nomaqbul shaxslarning va qochqinlarning ommaviy kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilgan.

Cheklovlar diplomatik va xizmat vizalarini berishga taalluqli emas. “Afg‘onistonlik talabalar uchun Qirg‘izistonga viza berish masalasi tasdiqlanish bosqichida”, — deyiladi TIV xabarida.

Avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi respublika ilgari mahalliy ta’lim muassasalarida o‘qigan afg‘onistonlik fuqarolarga viza berishni davom ettirishga, shuningdek, mamlakat oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni istagan 500 nafargacha talabani qabul qilishga tayyorligini bildirgandi.

Qirg‘iziston TIV rahbari Ruslan Kazakbayevning ma’lum qilishicha, AQSh Afg‘onistondagi Amerika qo‘shinlarini Qirg‘izistonga joylashtirish masalasi bo‘yicha Bishkekka murojaat qilgan, ammo hozircha bunday formatda hamkorlik qilish haqida gap yo‘q.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston Vashington bilan terrorchilikka qarshi kurashda juda katta tajribaga ega. Uning eslatishicha, mamlakat xalqaro koalitsiya kuchlarini tranzit o‘tkazish markazida, “Manas” aeroportining aviabazasida qabul qilgan.

“Albatta, turli xil murojaatlar, turli darajadagi maslahatlashuvlar bo‘lgan. Lekin Afg‘onistondagi vaziyat har kuni o‘zgarib bormoqda va hozircha bunday formatda hamkorlik masalasi ko‘tarilmagan”, — dedi Qirg‘iziston TIV rahbari AQSh Bishkekka Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan respublikaga o‘tkazishni taklif qilganmi, degan savolga javob berar ekan.

May oyida Wall Street Journal manbalarga tayanib, AQSh Afg‘onistondan olib chiqayotgan qo‘shinlarini Markaziy Osiyoga joylashtirishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan, biroq hozircha hech qanday kelishuv yo‘q. Nashrning qayd etishicha, AQShga nafaqat harbiy xizmatchilarni, balki uchuvchisiz uchar qurilmalarni, bombardimonchi va artilleriyani joylashtiradigan bazalar kerak. Ayrim harbiy amaldorlar va AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati vakillariga ko‘ra, qo‘shinlarni Afg‘oniston bilan chegaradosh O‘zbekiston va Tojikistonga joylashtirgan ma’qulroq.

Iyul oyida Bloomberg AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistondan o‘z hududlariga AQSh Qurolli kuchlari bilan ishlagan 9 mingga yaqin afg‘onlarni vaqtincha joylashtirishni so‘ragani haqida xabar bergan edi. Ayni paytda Qozog‘iston AQShdan afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilish bo‘yicha murojaat kelib tushmaganini bildirdi.