O‘zbekistonda fuqarolar o‘rtasida emlanganlik to‘g‘risida soxta sertifikat olish (emlanmasdan turib), bir turdagi vaksinani olib, boshqa turdagi vaksina olgani haqida hujjatlarni rasmiylashtirishga urinishlar uchun qonunda qat’iy javobgarlik turlari belgilab qo‘yilgan. Bu haqda SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekovga tayanib, O‘zA xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Unga ko‘ra:

  • O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 228-moddasiga muvofiq, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish;
  • soxtalashtiruvchining o‘zi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotish — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha (12,25 million so‘mdan 24,5 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa — 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish — bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 50 baravarigacha (1,225 million so‘mdan 12,25 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Avvalroq Samarqandda qalbaki PZR-test tahlilini sotib qo‘lga tushgan shaxsning ukasi bu ishni yopish evaziga IIB xodimiga pora berayotganda ushlangani, Toshkent viloyatida qalbaki PZR-test tahlilini tayyorlab sotayotgan shaxs qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.