“Tolibon” Kobulga kirgach, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketdi. Rossiyalik diplomatlarning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchi o‘zi bilan “pul to‘la mashinalarni” olib ketgan. G‘ani inqiroz paytida mamlakatni tark etgan birinchi prezident emas. Qaysi davlatlarning rahbarlari chet elga qochib ketgani va ularning keyingi taqdiri haqida “RBK” maqola tayyorladi.

Ferdinand Markos. Filippin prezidenti (1965—1986)

Foto: Reuters

Markos mamlakatni qariyb 20 yil boshqargan. Bu davr inson huquqlari buzilishi va sudsiz qatllarga boy bo‘ldi. 1983-yilda Filippinning muxolifatchi yetakchilaridan biri Benino Akino Manila aeroportida yollanma qotil tomonidan o‘ldirilgan.

Qotillikni uyushtirishda prezidentdan shubhalanishdi. 1986-yilda marhum muxolifatchining bevasi Korason Akino avvaliga ko‘cha namoyishchilari, katolik cherkovi, so‘ngra armiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Mamlakatda harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi, oqibatda Markos Gavayiga qochdi va uch yildan so‘ng o‘sha yerda vafot etdi.

Jan-Klod Dyuvale. Gaiti prezidenti (1971—1986)

Foto: AP Photo

O‘zini umrbod prezident deb e’lon qilgan Dyuvale 1986-yilda qo‘zg‘olon natijasida ag‘darildi. Dyuvale 19 yoshida mamlakat tepasiga kelgan va dunyodagi eng yosh prezidentga aylangan. U prezidentlik lavozimini diktator otasi — tibbiy ma’lumoti tufayli Papa Dok laqabini olgan Fransua Dyuvaledan meros qilib olgan. O‘z navbatida, Jan-Klod Dyuvale tez orada Bebi Dok deb atala boshlandi.

Qo‘zg‘olondan keyin u Fransiyaga qochib ketib, u yerda 25 yil yashadi. 2011-yilda sobiq prezident Gaitiga qaytdi. Dyuvale 2014-yilda yurak xurujidan vafot etdi.

Zviad Gamsaxurdia. Gruziya prezidenti (1991—1992)

Foto: “TASS”

Gruziyaning birinchi prezidenti Zviad Gamsaxurdia bu lavozimda bir yildan kamroq o‘tirdi va 1992-yil yanvar oyida mamlakatni tark etdi. U Gruziyani SSSRdan ajratishning eng ashaddiy tarafdorlaridan biri bo‘lgan. 1990-yilda Gamsaxurdia respublika Oliy Kengashini boshqargan, aprel oyida esa Gruziya prezidenti etib saylangan. Biroq qishda Milliy gvardiya prezidentga qarshi chiqdi. Tbilisidagi ikki haftalik janglar Gamsaxurdianing uchib ketishi bilan yakunlandi. Avval Armanistonga, so‘ng Rossiya hukumati nazoratida bo‘lmagan Chechenistonga ketdi. 1993-yilda tarafdorlari mamlakatning g‘arbiy qismini egallashga muvaffaq bo‘lgach, Gamsaxurdia Gruziyaga qaytib keldi. Ammo oxir-oqibat zviadistlar mag‘lubiyatga uchradi, Gamsaxurdianing o‘zi esa 1993-yil dekabr oyida noma’lum vaziyatda vafot etdi.

Alberto Fuximori. Peru prezidenti (1990—2000)

Foto: Reuters

2000-yil noyabr oyida Peru prezidenti Alberto Fuximori Yaponiyaga qochib ketdi. U korrupsiyada ayblangan, Tokiodan uning ekstraditsiyasini talab qilishgan, biroq Fuximori ikki fuqarolikka ega bo‘lgani sababli Yaponiya uni ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi: Fuximorining ota-onasi yapon muhojirlari bo‘lgan. 2014-yilda Fuximori Chiliga keldi, u yerda politsiya tomonidan ushlanib, Peru hukumatiga topshirildi. Peruda u so‘l faollarni o‘ldirish va qiynoqqa solish bilan shug‘ullangan “ajal guruhlari”ning harakatlari uchun 25 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Fuximori hanuz hibsda.

Asqar Akayev. Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti (1990—2005)

Foto: “TASS”

Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev to‘rt marta davlat rahbari lavozimiga saylangan. Ammo 2005-yilda u “lolalar inqilobi” voqealariga dosh berolmadi va Rossiyaga ketishga majbur bo‘ldi. Moskva qochqin prezidentni Qirg‘izistonning yangi hukumatiga topshirishdan bosh tortdi. Akayev uzoq vaqt davomida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan, Moskva davlat universiteti va Oliy iqtisodiyot maktabida ma’ruzalar o‘qigan. 2021-yilning avgust oyida Akayev Qirg‘izistonga qaytib, mahalliy prokuraturaga ko‘rsatma berishga rozi bo‘ldi.

Qurmanbek Bakiyev. Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti (2005—2010)

Foto: Reuters

“Lolalar inqilobi” va 2005-yilda Asqar Akayevning ag‘darilishi ortidan hokimiyatga kelgan Qurmanbek Bakiyev ham 2010-yilda ag‘darildi. Shundan so‘ng u Belarusga qochib ketdi va mamlakat fuqaroligini oldi. Bishkek sudi Bakiyev va uning ukasi Janibekni 2010-yil 7-aprel qirg‘inini uyushtirganlarning sheriklari deb tan oldi va ularni sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qildi hamda mol-mulkini musodara qilishga buyurdi. Bundan tashqari, Bakiyev yana ikki marta sirtdan sudlangan — 2013-yilda u mansabini suiiste’mol qilishda aybdor deb topilgan va mol-mulki musodara qilinib, 24 yilga koloniyaga hukm qilingan. Bir yil o‘tgach, u AQSh fuqarosi, Oxus Gold konchilik kompaniyasi vakili Shon Deyliga suiqasd uyushtirgani uchun 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Zin al-Abidin Ben Ali. Tunis prezidenti (1987—2011)

Foto: Reuters

Mamlakatni 24 yil boshqargan Zin al-Abidin Ben Ali 2011-yilning boshida “arab bahori” voqealari tufayli oilasi bilan Saudiya Arabistoniga qochib ketdi. Tunisda u hukumatga qarshi namoyish uyushtirgani uchun sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Ali Saloh. Yaman prezidenti (1978-2012)

Foto: AP Photo

Yaman prezidenti Ali Saloh 34 yillik boshqaruvdan so‘ng, 2012-yilda Respublikadan qochib ketdi. U hokimiyatga 1978-yilda kelgan. Uning rahbarligida Shimoliy Yaman janub bilan birlashdi, 1994-yilda esa Saloh fuqarolar urushida g‘alaba qozondi. Ammo 2011-yilda Salohning qayta saylanishga urinishi ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Favqulodda holat ham, maxsus xizmatlarning qo‘llab-quvvatlovi ham yordam bermadi.

O‘z qarorgohidagi portlashdan yaralangan Saloh Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi va u yerda hokimiyatdan voz kechishga rozi bo‘ldi. Keyinchalik sobiq prezident eronparast xutiylar bilan shartnoma tuzib, Yamanga qaytishga harakat qildi. U 2017-yilda vafot etdi: avvaliga sobiq prezidentning mashinasi portlatilgan, so‘ng hujumchilardan biri Salohni otib tashlagan.

Viktor Yanukovich. Ukraina prezidenti (2010—2014)

Foto: AP Photo

Viktor Yanukovich 2014-yilning fevral oyida, Kiyevdagi Mustaqillik maydonida yuzdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan tartibsizliklardan keyin mamlakatni tark etdi. O‘shandan buyon u Rossiya hududida. Yanukovich prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirishdan voz kechgani haqida yozilgan rezolyutsiya 2014-yil 22-fevralda Oliy Rada tomonidan yoqlab ovoz berildi. Inqilobdan keyin Ukrainaning yangi hukumati odamlarning o‘limida Yanukovich va Ichki ishlar vazirligining “Berkut” maxsus bo‘linmasini aybladi. Ukraina sobiq prezidenti bu ayblovlarni rad etib keladi.

Yevgeniy Shevchuk. Tan olinmagan Transnistria prezidenti (2011—2016)

Foto: “Kommersant”

Tan olinmagan Transnistria Respublikasining sobiq prezidenti Yevgeniy Shevchuk 2017-yil iyun oyida mamlakat hududini tark etdi. Unga qarshi 5 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, jumladan, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, tovarlar kontrabandasi, poraxo‘rlik. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-yilda pensiya va budjet sektori xodimlarining maoshlari vaqtincha muzlatilishi Shevchukning noqonuniy xatti-harakatlari bilan bog‘liq.

Shevchukning o‘zi unga qarshi suiqasd tayyorlashayotgani uchun mamlakatni tark etganini aytdi va ayblov bildirayotgan guvohlar pulga sotilganini ta’kidladi. 2018-yilda Transnistria sudi Shevchukni sirtdan 16 yillik qattiq rejimga hukm qildi.

Evo Morales. Boliviya prezidenti (2006—2019)

Foto: Getty Images

2019-yilning noyabr oyida Boliviya prezidenti Evo Morales iste’foga chiqishini e’lon qildi va mamlakatni tark etdi. U respublikani 13 yil — o‘zidan avvalgi rahbarlardan ko‘proq boshqargan. U, shuningdek, Amerika tub aholisidan Boliviya prezidenti bo‘lgan ilk shaxs. So‘l siyosatchi Morales uzoq vaqt xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Ammo 2019-yilda, ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan o‘ta tartibsiz saylovlardan so‘ng, prezident poytaxtni tark etdi. La-Pas tashqarisida u iste’foga chiqqanini e’lon qildi va Meksikaga qochib ketdi. Boliviyada uni hibsga olish to‘g‘risida order berilgan.

Ashraf G‘ani. Afg‘oniston prezidenti (2014—2021)

Foto: Getty Images

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va uning oilasi 2021-yil 15-avgustda, “Tolibon” mamlakatni to‘liq egallab olgani haqida e’lon qilgach, Kobuldan chiqib ketdi. Siyosatchining aytishicha, bu bilan u poytaxt uchun behuda qon to‘kilishining oldini olmoqchi bo‘lgan.

Shu bilan birga, Rossiyaning Afg‘onistondagi elchixonasi xabariga ko‘ra, qochayotgan G‘aniga “pul bilan to‘ldirilgan to‘rtta mashina hamrohlik qilgan”. “Ular pullarni vertolyotga ortishga harakat qildi, lekin hammasini sig‘dira olmadi. Pulning bir qismi uchish maydonida qolib ketdi”,— deydi diplomatik missiya matbuot kotibi Nikita Ishenko.

Tojikistonning Asia-Plus agentligi Ashraf G‘ani Tojikistonga uchib ketgani, u yerdan nomi ma’lum qilinmagan uchinchi mamlakatga yo‘l olishi haqida xabar berdi. Kabul News xabariga ko‘ra, G‘ani dastlab Tojikistonga, so‘ng u yerdan Ummonga uchib ketgan. Ammo yuqori martabali ummonlik manba G‘anining Ummonga yetib borgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Keyinchalik The New York Times axborotiga ko‘ra, G‘ani rafiqasi va ikki yordamchisi bilan birga O‘zbekistonga yo‘l olgan. Ushbu axborotni G‘anining shaxsiy qo‘riqchisi Al Jazeera telekanaliga ham tasdiqlagan. O‘z navbatida, “Interfaks” manbasining ma’lum qilishicha, Toshkentga Ashraf G‘ani bo‘lgan samolyotni qabul qilish haqida so‘rov kelib tushmagan. “U O‘zbekistonda emas”, — deya ma’lum qilgan agentlik manbasi.

Keyinroq Ashraf G‘ani O‘zbekistonda ham, Tojikistonda ham, Qozog‘istonda ham emasligi ma’lum qilindi.

18-avgust kuni siyosatchi Birlashgan Arab Amirliklaridan boshpana topgani ma’lum bo‘ldi. G‘anining o‘zi shuncha pul olib ketgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda: u mamlakatni “bitta ko‘ylak, salla va poyabzalda” tark etganini aytmoqda.