Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 209 315 544 kishiga yetgan. 4 393 059 kishi vafot etgan. Kasallanganlar soni bo‘yicha AQSh (37,1 million), Hindiston (32,3 million), Braziliya (20,4 million), Fransiya (6,6 million) va Rossiya (6,5 million) yetakchilik qilmoqda.

Janubiy Koreya

Foto: EPA

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Gamaleya nomidagi markazi koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasining delta shtammiga moslashtirilgan versiyasini ishlab chiqdi.

“Vaksinaning yaratilgan konstruksiyasi allaqachon sovitkichda turibdi”, — dedi markaz direktori, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Aleksandr Ginsburg.

Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, vaksinaning ushbu varianti delta shtammiga qarshi hozirda mavjud vositalarga qaraganda yaxshiroq ish berish-bermasligi hozircha noma’lum.

COVID-19’ga qarshi qayta emlanish Amerikada sentabrdan boshlanadi. AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida aytilishicha, prezident Jo Bayden ma’muriyati rejalariga muvofiq, mamlakatda ommaviy qayta emlash 20-sentabrda boshlanishi kerak.

Vaksinaning uchinchi dozasini dastlab tibbiyot xodimlari, qariyalar hamda ilk ikkita doza bilan hammadan birinchi bo‘lib emlangan aholining boshqa guruhlari oladi.

Qayd etilishicha, qayta emlanish zaruriyati dastlabki vaksinatsiyadan keyin odamlar immuniteti asta-sekinlik bilan zaiflashayotgani hamda delta shtamm tarqalayotgani bilan bog‘liq.

Vaksinaning ikkinchi dozasini olganidan buyon sakkiz oy o‘tgan odamlar qayta emlanishi mumkin. Shuningdek, qayta emlanish faqat Pfizer/BioNTech va Moderna vaksinalarini olganlar uchun amal qiladi. Bir komponentli Johnson & Johnson vaksinasi bilan emlangan odamlar masalasida qanday yo‘l tutishni hukumat o‘rganib chiqmoqda.

Isroil, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya kabi ba’zi boshqa mamlakatlar ham qayta emlanishni joriy qilishga tayyorlanmoqda.

Ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) nochor mamlakatlar aholisi hatto bitta dozada vaksina olmagan bir paytda boshqa mamlakatlarda uchinchi dozani kiritmaslikka chaqirdi.

JSST bosh ilmiy xodimi Sumya Svaminatan kambag‘al mamlakatlardagi milliardlab odamlar haligacha koronavirusning birorta dozasi bilan ham emlanmagani yuzasidan xavotir bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “yanada og‘irroq vaziyat”ga olib kelishi va COVID-19’ning yangi shtammlari paydo bo‘lishiga turtki berishi mumkin.

Vaksinatsiya COVID-19’ning og‘ir kechishi hamda delta shtammdan o‘limning oldini oladi, dedi JSST bosh ilmiy xodimi Sumya Svaminatan.

“Agar kasallikning og‘ir kechishi, kasalxonaga yotqizishlar va o‘limlar bo‘yicha statistikaga qarasangiz, vaksinalar bunday holatlar soni o‘sishining oldini olishini aniq ko‘rish mumkin, delta shtamm borasida ham bu amal qiladi”, — dedi u.

O‘z navbatida, JSST eksperti Mariya van Kerkxove qo‘shimcha qilishicha, hatto vaksinatsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda ham delta shtamm aynan emlangan odamlar soni kam bo‘lgan va COVID-19 tarqalishining oldini olish bo‘yicha choralarga rioya qilinmaydigan hududlarda aylanib yuribdi.

Latviya poytaxti Rigada 18-avgust, chorshanba kuni majburiy vaksinatsiyaga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi, unda bir necha minglab kishi qatnashdi.

Aksiya dastlab Ozodlik haykali  yaqinida boshlangan, keyin namoyishchilar asosiy yig‘ilish joyi — Riga qasri (prezident qarorgohi)ga qarab yo‘l olgan.

Namoyish chog‘ida ishtirokchilar orasida ko‘plab qonun buzilish holatlari, xususan, epidemiologik xavfsizlik choralariga rioya qilmaslik, jamoat joyida sarxush holatda bo‘lish, bezorilik, mulkka ataylab zarar yetkazish, shuningdek, politsiya xodimiga hujum qilish kabi holatlar aniqlangan.

Avvalroq Latviyada tibbiy, ijtimoiy, ta’lim va boshqa muassasalar uchun vaksinatsiya majburiy etib belgilangan edi.