Isroil hukumati mamlakatda koronavirusga qarshi ommaviy qayta emlash boshlanganini e’lon qildi. Isroil bunday qadamni tashlagan birinchi davlatga aylandi, deb yozadi Reuters.

Foto: Reuters

Isroilda koronavirusga qarshi vaksinaning ikki dozali kursini kamida besh oy avval olgan 60 yoshdan katta odamlar Pfizer / BioNTech vaksinasining uchinchi dozasi bilan qayta emlanadi.

Rasmiylar qayta emlash zaruratini mamlakatda delta (“hindcha”) shtammning tarqalishi bilan izohladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti uchinchi doza bilan qayta emlashning samaradorligi va xavfsizligi borasida yetarlicha tadqiqotlar o‘tkazilmagani uchun hali bunday emlashni  tavsiya etmayapti.

JSSTning fikricha, buning o‘rniga, rivojlangan davlatlar vaksinalarni kambag‘al davlatlar bilan bo‘lishishi kerak. Shu orqali koronavirusning qaytadan keng avj olishi va yangi shtammlar paydo bo‘lishining oldini olish mumkin bo‘ladi.

Yil boshida Isroil vaksinatsiya sur’atlari bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biriga aylangandi. Aprel oyiga kelib mamlakatda aholining 60 foizi emlangan edi. Aholiga ko‘chada niqob taqish majburiyati bekor qilindi. Aprel oxiriga kelib mamlakat kasalxonalaridagi koronavirus bo‘limlarining barchasi yopildi.

So‘nggi bir oyda Isroilda delta shtammining tarqalishi tufayli kasallanish darajasi keskin o‘sdi — 10 million aholiga ega mamlakatda hozir kuniga ikki mingga yaqin yangi kasallanish holati qayd etilmoqda. Iyun oyida kuniga bir necha o‘nlab odamlar kasal bo‘lishni boshlagandi.