AQSh “Tolibon” terrorchilik harakati jangarilariga qarshi kurash uchun Afg‘onistonga B-52 Stratofortress bombardimonchi samolyotlarini yubordi. Bu haqda The Times gazetasi AQSh mudofaa doiralaridagi manbalariga tayanib xabar berdi.
Bombardimonchilar Afg‘onistonga AQShning Qatardagi Al-Udayd aviabazasidan uchib ketgan, ularning soniga aniqlik kiritilmayapti.
Samolyotlar Qandahor, Hirot, Lashkargoh viloyatlari atroflaridagi, shuningdek, Helmand viloyatidagi nishonlarga zarbalar bergan. Bundan tashqari, AQSh o‘q yog‘diradigan AC-130 Spectre samolyotlaridan va MQ-9 Reaper jangovar uchuvchisiz uchar qurilmalaridan foydalangan.
Afg‘oniston Mudofaa vazirligi vakili Favad Omon AQShning B-52 Stratofortress bombardimonchi samolyotlari mamlakat shimolidagi Juzjon viloyati markazi — Shibirg‘on shahrida “Tolibon” kuchlariga hujum uyushtirganini ma’lum qildi.
“Juzjon viloyati Shibirg‘on shahridagi ‘Tolibon’ guruhi B-52 nishoniga aylandi. Terrorchilar AQSh HHK aviazarbalari oqibatida og‘ir talafotlar ko‘rdi”, — deb yozdi u.
Ayni vaqtda Afg‘onistonning eng nufuzli partiyalaridan biri — “Jamiyati Islomiy” raisi Salohiddin Rabboniy partiyaning harbiy yetakchilari bilan o‘z tarafdorlarini “Tolibon” bilan janglarga safarbar qilish borasida maslahatlashuvlarni boshladi.
Afg‘onistondan AQSh kontingentini olib chiqish boshlangach mamlakatdagi vaziyat keskinlashdi. 22-iyul kuni Tolibon Afg‘oniston chegaralarining 90 foizini nazorat qilayotganini aytdi, rasmiylar buni inkor etmoqda. Yevroittifoqning Afg‘onistondagi maxsus elchisi vazifasini bajaruvchi Tomas Niklassonning aytishicha, agar “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni harbiy yo‘l bilan egallab oladigan bo‘lsa, ularning hukumati Yevroittifoq va mintaqadagi ko‘pchilik davlatlar tomonidan tan olinmaydi.
Avvalroq Rossiya Afg‘onistondagi hokimiyat “Tolibon” jangarilari tomonidan to‘liq egallab olinishi ssenariysiga tayyorligi, ammo voqealarning bunday rivojlanishini haqiqatdan yiroq deb hisoblashini ma’lum qilgandi.