“Tolibon” harakati Afg‘oniston chegaralarining 90 foizga yaqin qismini nazorat qilmoqda. Bu haqda tashkilot vakili Zabiulla Mujohid aytib o‘tdi, deb yozadi “RBK”.

Foto: AP Photo

“Turkmaniston, Eron va Pokiston bilan chegara hududlar ham — bir necha kichik uchastkalarni hisobga olmaganda, to‘liq bizning nazoratimiz ostida”, — dedi u. Harakat vakilining qo‘shimcha qilishicha, Tojikiston bilan chegaradosh Badaxshon viloyatidan Toxar va Kandur viloyatlarigacha bo‘lgan hududlar “Tolibon” tomonidan to‘liq nazorat qilinmoqda.

“Afg‘onistonning O‘zbekiston bilan chegarasining katta qismi ham ‘Tolibon’ qo‘lida, faqat Kaldar viloyatidagi Hayraton hududi Kobul nazorati ostida”, — dedi Zabiulla Mujohid.

Bungacha Tojikiston “Tolibon” a’zolari butun Afg‘oniston chegaralarining 90 foizini emas, balki afg‘on-tojik chegarasining 80 foizini nazorat qilayotgani haqida bayonot bergandi.

Afg‘oniston hukumati kuchlari bilan to‘qnashuv paytida “Tolibon” mamlakatdagi qishloq joylarning muhim hududlarini egallab oldi va yirik shaharlarga hujum boshladi.

Shu bilan birga, “Tolibon” Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va’da bergan.

Avvalroq Rossiya Afg‘onistondagi vaziyat tufayli Tojikistondagi harbiy bazasidan foydalanishga tayyorligini bildirgandi. 20-iyul kuni esa Rossiya Afg‘oniston chegarasiga harbiy texnikasini joylashtirdi.

Rossiya tanklari poligonda 5—10-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashish uchun yetib kelgan. Mashg‘ulotlarda Rossiya va Tojikiston harbiy xizmatchilaridan tashqari, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari ham ishtirok etadi.

Mashg‘ulotlar Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi fonida o‘tkazilmoqda.

O‘z navbatidaTojikiston prezidenti Emomali Rahmon Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini aytdi.