Koronavirusning yangi shtammlarini nomlash uchun grek harflari yetmay qolsa, ularga yulduz turkumlari (burjlar) nomlari beriladi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) favqulodda kasalliklar bo‘linmasining texnik guruhi rahbari Mariya Van Kerkxove Britaniyaning The Telegraph nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bizga grek alifbosi yetmay qolishi ehtimoldan xoli emas, ammo biz keyingi nomlar guruhini ko‘rib chiqyapmiz. Biz haqiqatan ham yulduz turkumlari variantini ko‘rib chiqyapmiz”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq JSST qadimiy yunon ma’bud va ma’budalari ismlaridan foydalanishni o‘ylab ko‘rgan, ammo bu variantdan voz kechishga qaror qilingan.
Eslatib o‘tamiz, yoz boshida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti variantlari endi grek alifbosi harflari bilan belgilanishi, bundan maqsad — ushbu shtammlar birinchi marta aniqlangan mamlakatlarni diskriminatsiya qilmaslik ekanini ma’lum qilgandi. Ta’kidlanishicha, COVID-19 variantlarini ular topilgan joylar bilan atash “kamsituvchi va obro‘ to‘kuvchi xususiyatga ega bo‘lishi mumkin”, shu sababli nomlarning yangi tizimi yaratilgan.
Koronavirusning yangi, yuqumliroq shtammi aniqlangani haqida birinchi marta Buyuk Britaniya hukumati 2020-yil dekabrida ma’lum qilgandi. Yana bitta shtamm paydo bo‘lgani haqida 2021-yil martida Hindiston hukumati xabar berdi. Shuningdek, virusning yangi variantlari Braziliya, Janubiy Afrika Respublikasi, Vyetnam va boshqa mamlakatlarda aniqlandi.
Mavzuga doir: