Jizzax viloyatining Zomin tumani “Duoba” qishloq fuqarolar yig‘ini O‘riklisoy qishlog‘i yaqinidagi o‘rmon hududlarida 1-avgust kuni yirik yong‘in yuz berdi. Soat taxminan 10:40 da boshlangan yong‘in salkam sakkiz soatdan so‘ng o‘chirildi; Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) ma’lumotlariga ko‘ra, 80 gektar maydonda quruq o‘t va daraxtlar yongan. Olovni o‘chirishga 1600 ga yaqin odam jalb etilgan.

Jumladan, FVV dastlab olovni o‘chirish uchun 4 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shaxsiy tarkibining 24 nafar vakili yo‘naltirilgani haqida xabar bergan edi. Keyinroq yong‘inning tarqalishining oldini olish va uni o‘chirish uchun FVV shaxsiy tarkibining yana 350 dan ortiq vakili yuborilgani, shuningdek, Milliy gvardiya, IIV, Ekologiya qo‘mitasi va boshqa tashkilotlarning kuch va vositalari jalb etilgani ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi matbuot xizmati yong‘in signali olinishi bilan 400 nafar harbiy xizmatchidan iborat batalyon favqulodda holat hududiga borib, olovni o‘chirishga kirishganini ma’lum qildi. Harbiy-havo kuchlarining to‘rtta vertolyoti esa Zomin suv omboridan 20 dan ortiq marta suv olib, alanga o‘choqlariga 30 tonnadan ortiq suv tashlagan. E’tiborga molik tomoni, shu kunning o‘zida, peshindan so‘ng hududda yog‘ingarchilik kuzatilib, yong‘inni o‘chirishga ozmi-ko‘pmi yordam bergan (oradan ikki kun o‘tib shu joyda yong‘oqdek do‘l yoqqani ham qiziq).

Ijtimoiy tarmoqlarda “Duoba” tarafdagi o‘rmonlar 2-avgust kuni ham tutayotgani haqida videoxabarlar tarqaldi, biroq FVV matbuot xizmati hududda yong‘in bo‘layotgani haqidagi gumonlarni rad etdi. Jizzax viloyati FVB axborot xizmati rahbari Farrux Abdurahmonovning “Yangi Davr”ga ma’lum qilishicha, “yong‘in asosan inson omili bilan bog‘liq holda yuz bergan bo‘lishi mumkin”. Chunki, mas’ulning izohlashicha, yong‘in boshlanishi arafasida o‘rmonda havo ochiq, harorat Selsiy bo‘yicha 26—28 daraja iliq bo‘lgan, shuningdek, hududdan o‘tgan elektr uzatish liniyalarida ham uzilishlar qayd etilmagan. “Hozirda yong‘inning sababini va ko‘rilgan moddiy zararning miqdorini aniqlash bo‘yicha tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, — deydi Abdurahmonov.

Qayd etish joiz, Zomindagi hodisa yuzlab harbiy xizmatchilar va vertolyotlar jalb etilgan na birinchi, na yagona yong‘in emas. So‘nggi yillarda mamlakatning o‘rmon hududlarida bu kabi favqulodda holatlar bir necha yuz bergan va bu haqda vakolatli organlar axborot ham bergan. Ta’kidlash o‘rinliki, shunday o‘rmon yong‘inlari soni bunday hodisalar haqida berilgan axborotlardan ko‘proq bo‘lishi mumkin.

2020-yilgi yong‘inlar: Yuzlab gektarlarni egallagan olov, ikkita vertolyot, yonib ketgan 600 ta noyob archa

8-fevral kuni Toshkent viloyati “Dalvarzin” davlat o‘rmon-ov xo‘jaligida 455 gektar maydon (shundan 150 gektari o‘rmonzor)ni qamrab olgan yirik yong‘in sodir bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, bu yong‘in oqibatida odamlar va hayvonlarning halok bo‘lishi holati kuzatilmagan.

17-iyun kuni soat 06:30 da Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida hududidagi “Surxon” davlat qo‘riqxonasida yong‘in bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan. Olovni o‘chirishga Mudofaa vazirligining 200 nafarga yaqin harbiy xizmatchisi, shuningdek, Surxondaryo hokimining ma’qullashi bilan ikkita Mi-8 vertolyoti jalb etilgan. Olov 15:00 da qurshab olingan, 19:00 ga kelib olov ichida qolgan 35 gektar maydonning 90 foizida olovni o‘chirishga erishilgan (vertolyotlar umumiy 8 soatdan ortiq uchib, har biri 10 martadan suv tashlagan). Mudofaa vazirligi axborotida Vandob aholi punkti yong‘inda qolish xavfidan saqlab qolingani aytiladi; Surxondaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in oqibatida qo‘riqxonada ichidagi odamlar va yovvoyi hayvonlarga zarar yetmagan, ular tan jarohati olmagan.

15-iyul kuni Toshkent viloyati “Ohangaron” davlat o‘rmon xo‘jaligida 440 gektardan ziyod yer maydoni yonib ketgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, ayni vaqtda yong‘in sabablari, buning natijasida yetkazilgan zarar miqdori haqida ma’lumot berilmagan.

26-iyulga o‘tar kechasi, soat 00:47 da Samarqand viloyati Jomboy tumani hududida joylashgan “Zarafshon” tabiat milliy bog‘ining 2 ming kvadrat metr maydonida yong‘in kelib chiqqan. Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qayzordagi quruq o‘t yonib ketgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar bor-yo‘qligi haqida ma’lumot berilmagan.

Toshkent viloyatida joylashgan “Ohangaron” davlat o‘rmon xo‘jaligida 10-avgust kuni yana bir yong‘in kuzatilgan. Bu safar olov 5 ming kvadrat metr maydonga zarar yetkazgan; hodisa oqibatida odamlar va hayvonlar halok bo‘lishi holatlari qayd etilmagan. Hodisa sabablari ochiqlanmagan.

12-sentabr kuni Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi boshqa bir o‘rmon hududi — “Qiziriq” o‘rmon xo‘jaligi “Gurimbuloq” tog‘ maskanida yuz bergan yong‘in 50 gektarga yaqin maydonni egallab olgan. Ofatga qarshi kurashga ko‘plab maxsus texnika va favqulodda vaziyatlar tizimining o‘nlab shaxsiy tarkibi safarbar qilingan. Yong‘in sabablari va oqibatlari ma’lum qilinmagan.

30-oktabr kuni Qashqadaryodagi “Kitob” davlat o‘rmon xo‘jaligida salkam 12 gektar maydonda yong‘in kelib chiqqan. Olov “Denov bola” o‘rmon bo‘limi xodimlari va shu yaqindagi qishloq aholisi tomonidan o‘chirilgan. “Kitob” davlat o‘rmon xo‘jaligidan ma’lum qilishlaricha, yong‘in fuqarolar tomonidan o‘t qo‘yilishi oqibatida kelib chiqqan.

Qashqadaryodagi 2020-yil kuzida yuz bergan o‘rmon yong‘inlari oqibatlari.

Foto: Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Oradan uch kun o‘tib, viloyatning Qamashi tumanidagi o‘rmon xo‘jaligida yong‘in kelib chiqqan, oqibatda 5 gektar maydondagi 600 ga yaqin Zarafshon archasi yonib ketgan. Yong‘in sababi ma’lum qilinmagan.

2021-yilgi yong‘inlar: Yomg‘ir sharofati bilan o‘chirilgan yong‘in, yarim tunda “qovurilgan” malina

Sirdaryo viloyatidagi “Qolgansir” o‘rmon-ov xo‘jaligida mart oyining o‘zida ikkita yong‘in kuzatilgan. Dastlab, 4-mart kuni 1 gektar maydon yonib ketgan. Oradan yarim oy o‘tib, 19-mart kuni 147,2 gektar maydonda yong‘in sodir bo‘lgan — shu yong‘in sabab “quyonlar va qushlar tiriklayin yonib ketayotgani, ilonlar aholiga yaqin joylarda ko‘payib ketayotgani” haqida gap-so‘zlar tarqalgan. Eng qizig‘i, bu yong‘in shu kuni yoqqan yomg‘ir sharofati o‘sha kunning o‘zida o‘chgan. Yong‘in sabablari va yetkazilgan zarar miqdori esa ma’lum qilinmagan.

24-mart kuni Qoraqalpog‘istondagi “Qonliko‘l” davlat o‘rmon xo‘jaligida yuz bergan yong‘in oqibatida 1,6 gektar yer maydoni zarar ko‘rgan. Yong‘in sabablari va oqibatlari ma’lum qilinmagan.

Jomboy tumani hududidagi “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida 3-iyul, xuddi bir yil avvalgidek, yong‘in sodir bo‘lgan. Samarqand viloyat FVB matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in haqidagi xabar soat 21:10 da kelib tushgan. O‘t o‘chiruvchilar hodisa joyiga soat 21:51 da yetib borgan, 02:51 da olovni qurshab olgan, 04:03 da yong‘inni o‘chirgan. Miliy bog‘ning 1,5 gektar maydonida to‘qayzorlar (malina, butazor, shox-shabba) yonib ketgan; hodisa oqibatida jarohat olganlar yo‘q, yong‘in sababi va yetkazilgan zarar miqdori ma’lum qilinmagan.

Xulosa o‘rnida

O‘zbekistonning o‘rmon hududlari, o‘rmon xo‘jaliklarida yuz bergan va berayotgan yong‘inlar soni (oshkor qilingan holatlarning o‘zidan kelib chiqib baho berganda ham) kam emas. Hatto so‘nggi ikki yilda bunday hodisalar soni ko‘paygandek taassurot ham uyg‘onadi, ayrim hududlarda bir yilning o‘zida ketma-ket shunday hodisalarning yuz berishi ayniqsa xavotirli. Ularning sabablari haqida biror o‘rinda tayinli ma’lumot yo‘q, tahlil haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Ochiqlik zarur, ochilish kerak. Bunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish uchun nima ishlar qilinayotgani ham aytilsa, nur ustiga nur. Buning uchun ko‘plab jonzotlarning yonib ketishi yoki biror baxtsiz odamning qurbon bo‘lishini kutish shart emas.