Mudofaa vazirligi bo‘linmalari Zomin tumanidagi o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etishda ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Ma’lum qilinishicha, 400 nafar harbiy xizmatchidan iborat batalyon favqulodda holat xabarini olgandan so‘ng tezkorlik bilan yong‘in sodir bo‘lgan hududga yetib kelib, vazifani bajarishga kirishgan.

Bir vaqtning o‘zida Mudofaa vazirligi Harbiy-havo kuchlari vertolyot aviatsiyasi zvenosi tomonidan Zomin suv omboridan yigirma marotabadan ortiq maxsus vosita yordamida suv olinib, havodan olov o‘choqlariga 30 tonnadan ziyod suv tashlangan.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda vazirlik bo‘linmalari va vertolyot aviatsiyasi mazkur hududda tozalash ishlarini amalga oshirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yong‘in 1-avgust kuni ertalab soat 10:40 larda Jizzax viloyati Zomin tumani “Duoba” MFY O‘riklisoy aholi punkti hududiga yaqin joyda yuz bergan. Taxminan, 80 gektar maydonda quruq o‘t va daraxtlar yongan. Yong‘in soat 18:20 lar atrofida batamom o‘chirilgan. Tegishli idoralar kuch vositalarining o‘z vaqtidagi harakatlari natijasida yong‘in yaqin atrofdagi aholi punktlariga o‘tmagan. Jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.