Ijtimoiy tarmoqda “Toshkentda GAI haydovchiga tashlandi” sarlavhasi ostida tarqalgan video yuzasidan ma’lumot berildi.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 31-iyul kuni Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimi B.Mirzarahimov Shayxontohur tumani hududida joylashgan “Chorsu” jarima maydonchasi ro‘parasida Cobalt rusumli avtomobilni to‘xtatgan.
Tekshiruv davomida YPX xodimi haydovchiga qarzdorlik sabab avtomobilni jarima maydoniga joylashini aytgan.
Haydovchi jarimalarga hali 60 kun bo‘lmagani, ya’ni jarimalarni to‘lash muddati hali o‘tib ketmaganini ma’lum qilib, xodim adashganini aytgan.
Shundan so‘ng xodim jarima to‘lash muddatida yanglishganligini aytib, haydovchiga ketishi mumkinligini ma’lum qilgan. Haydovchi YPX xodimiga e’tiroz bildirgan va ushbu vaqtda o‘zaro tortishuv yuzaga kelgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ullari tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Bundan avval Olmaliqda YPX xodimi “25 marta radarga to‘lagan” qoidabuzar ayolni “Abdurazzoq aka”dan bo‘lgan qo‘ng‘iroq sabab qo‘yib yuborgani, Olmaliqda YPX xodimiga qoidabuzar Malibu’ni qo‘yib yuborishni buyurgan komandir intizomiy jazoga tortilgani hamda Toshkentda haydovchini tegishli belgi qo‘yilmagan yo‘lda qoida buzganlikda ayblagan YPX xodimiga xizmat tekshiruvi tayinlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)