Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida qoidabuzar haydovchini to‘xtatgan YPX xodimi ratsiya orqali “yuqoridan” kelgan buyruq sabab uni qo‘yib yuborishga majbur bo‘lgani tasvirlangan video tarqaldi. Viloyati IIBB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur holat 28-iyul kuni Olmaliq shahri hududida o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbirlari davomida tasvirga olingan.

Kadr: Telegram

Ma’lumotlarga ko‘ra, shaharning Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX xodimi A.Ismoilov tomonidan “O‘zbektemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasiga tegishli bo‘lgan Malibu rusumli avtomobil haydovchisi harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmagani sababli to‘xtatilgan.

Tekshiruv davomida transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi barcha hujjatlar haydovchining yonida bo‘lgan.

Haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi 1-qismiga (xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzish) asosan elektron shakldagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Foto: Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati

Ma’muriy bayonnomani rasmiylashtirish jarayonida YPX xodimining komandiri aloqaga chiqib, mashinani ko‘p ushlab turmasligini, haydovchiga nisbatan “xushmuomala” bo‘lishini aytib, transport vositasini qo‘yib yuborishini aytgan. Shundan so‘ng haydovchi harakatni davom ettirgan.

Ushbu holatda (ratsiya orqali bog‘langan) 2-mintaqaviy hudud YPX otryadi komandiri amaldagi me’yoriy hujjatlar talablarini buzgani uchun intizomiy jazolandi.

Avvalroq Angrenda kuniga 50 ta bayonnoma yozishi aytilgan YPX xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani, Toshkentda xizmati davomida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan YHX xodimlariga nisbatan chora ko‘rilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.