Toshkentning Olmazor tumanida yo‘lovchi tashuvchi “Gazel” yonib ketdi. Bu haqda YHXBB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 26-iyul kuni soat 09:10 larda Qorasaroy ko‘chasida yuz bergan. Haydovchi 8 nafar yo‘lovchi bo‘lgan “Gazel”ni boshqarib ketayotganida dvigatelda qisqa tutashuv yuzaga kelganligi sabab zudlik bilan to‘xtagan.
Yo‘lovchilar avtomobildan tushirilgan. Qisqa tutashuvdan so‘ng yong‘in yuzaga kelgan. Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan.
Xabarda aytilishicha, yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Transport vositasiga zarar yetgan.
Mazkur hodisa yuzasidan Olmazor tumani FVB va YHXB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilib, yong‘in yuzaga kelish sabablariga aniqlik kiritilmoqda.
Izoh (0)