Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida shifokorning kaltaklanishiga oid holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 15-iyul kuni 23:00 larda tumanning “Qo‘shquduq” mahallasida joylashgan qishloq vrachlik punktiga shu mahallada yashovchi 1978-yilda tug‘ilgan X.M. kelib, navbatchi shifokorga farzandini davolashga kelmaganini aytib, shifokor T.F. va navbatchi feldsher N.I.ni urib tan jarohati yetkazgan.
Hozirda holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Jizzaxda chaqiruv bo‘yicha yetib kelgan shifokor xonadon egasining o‘g‘li tomonidan kaltaklangani, Samarqandda shifoxona qorovuli va shifokorini urgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda Farg‘onada tez yordam xodimlarini kaltaklagan shaxs qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)