Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiya xodimlari Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hududida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinayotganini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda jarimalar rasmiylashtirilib, qum-shag‘al qazishga jalb etilgan texnikalar vaqtincha maxsus joyga joylashtirilgan. Biroq ekoinspektorlar oldiga X. ismli shaxs kelib, mazkur biznes unga tegishli ekani hamda shu ishni imi-jimida yopishni so‘ragan. Buning uchun u 4 ming dollar miqdorida pora taklif qilgan.
Davlat ekologiya qo‘mitasi xodimlari bu taklifni keskin rad etgan va huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan. X. esa ularga yana boshqa yo‘llar bilan ta’sir o‘tkazishga harakat qilishga uringan. Natijada ushbu fuqaro ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspektoriga pora berishga urinayotganda Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura xodimlari tomonidan voqea joyida qo‘lga olingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg‘onada YPX inspektoriga 2 million so‘m pora bergan haydovchi qo‘lga olingani, Andijonda jiyaniga chiqarilgan sud hukmini yopib yuborish evaziga IIB xodimiga 500 dollar bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.