Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev O‘zbekistonda 2-iyuldan ayrim ijtimoiy tarmoqlarga cheklovlar o‘rnatilganiga munosabat bildirdi.
“O‘zbekistonda qonun talablariga zid ravishda fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berayotgan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanibdi. Men qarshi bo‘lgan foydasiz qonun”, – deya yozdi deputat Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram kanalida.
Deputatning ta’kidlashicha, fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini muhofaza qilish bahonasi bilan internetdagi ommabop tarmoqlarni cheklashga urinishdek ko‘rinayotgan bu ish ko‘proq salbiy oqibatga olib kelishi mumkin.
Masalan, foydalanuvchilar ommaviy ravishda cheklovlarni chetlab o‘tuvchi VPN kabi dasturlardan foydalanishni boshlaydi, nazorat butkul yo‘qoladi. Bu fuqarolarni qonunbuzarga aylanishga majbur qiladi.
“Tankka qarshi ketmon bilan jang qilishdek ‘axborot asri’dagi juda kulgili va absurd qaror”, – deya qo‘shimcha qildi Rasul Kusherbayev.
Bundan avval O‘zbekistonda TikTok va Twitter’ning ochilishi sekinlashgani haqida xabar berilgandi. Keyinroq “O‘zkomnazorat” O‘zbekistonda ayrim ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish rasman cheklanganini ma’lum qildi.
Izoh (0)