Jizzaxda 35 yoshli er Telegram’dagi yozishmalari sabab 28 yoshli xotinini bo‘ynidan pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat IIB matbuot xizmati unga nisbatan sud hukmi o‘qilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 30-mart kuni sudlanuvchi bir necha tanishlari bilan kafega borib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Tungi soat 22:00 lardan so‘ng uyiga kirib borganidan so‘ng turmush o‘rtog‘ini xiyonatda gumon qilib, uning telefonidagi kirish-chiqish qo‘ng‘iroqlar ro‘yxati, SMS xabarlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotlari mazmuni tekshirib chiqqan.
Bu jarayonda erkak taxminiy xayol va farazlar bilan qasddan nizo keltirib chiqargan. Boshlangan dahanaki jangda u ayolni xiyonat qilmaganligi haqida qasam ichirgan, ammo bunga ham ishonmagan rashkchi er oshxona pichog‘i bilan xotinining bo‘yin qismini jarohatlagan.
Keyin akasiga qo‘ng‘iroq qilib, “Ichki ishlar organlarini chaqiring, keliningizni o‘ldirib qo‘ydim, uydan qizimni olib keting”, deb aytgan.
Sud davomida erkak qilmishiga to‘liq iqror bo‘lgan. Unga 14 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Bundan avval Qashqadaryoda xotini bilan janjallashgan erkak uyini portlatib yuborgani, Farg‘onada er Turkiyaga ketmoqchi bo‘lgan xotinini rashk sabab o‘ldirib qo‘ygani, Urgutda xotinini mast holda bo‘g‘ib o‘ldirgan erkak 11 yilga qamalgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)