O‘zbekiston va Rossiya hukumati rahbarlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Rossiya hukumati matbuot xizmati.
Bosh vazir Abdulla Aripov rossiyalik hamkasbi Mixail Mishustinga ikki davlat o‘rtasida muntazam aviareyslarni oshirishga qaror qilingani uchun minnatdorlik bildirdi va ushbu yo‘nalishda o‘zaro qatnovlar sonini karantin talablariga rioya qilgan holda haftasiga 14 tagacha oshirishni taklif qildi. Shuningdek, talabgir yo‘nalishlarda bosqichma-bosqich temiryo‘l qatnovini tiklashni ilgari surdi.
Abdulla Aripov Mozori-Sharif–Qobul–Peshovar temiryo‘l koridori qurilishiga rus kompaniyalari qiziqish bildirayotgani muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston hukumati rahbari o‘z nutqida ikki davlatning bojxona va fitosanitar organlari tomonidan “Agroekspress” muntazam marshrut poyezdini yo‘lga qo‘yishni tezlashtirish zarurligini qo‘shimcha qildi.
Qayd etilishicha, “yashil yo‘lak” tamoyili asosida harakatlanuvchi ushbu poyezdda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazish muddati 5 kundan ortmaydi.
Bundan avval O‘zbekiston “Gazprom”ga gaz sotuvchidan sotib oluvchiga aylangani hamda Rossiyada noqonuniy yurgan migrantlarning qolish muddati uzaytirilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)