Buxoro shahrida yashovchi 57 yoshli uy bekasi 40 ming so‘m evaziga uyida fohishaxona tashkil etgani aniqlandi, deb xabar beradi viloyat IIB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, Buxoro shahar IIO FMB mahalla huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori tomonidan olingan ma’lumot asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida shaharning Piridastgir ko‘chasida yashovchi, 1964-yilda tug‘ilgan M.S. ismli uy bekasi o‘zi istiqomat qilib kelayotgan xonadonida erkak va ayolning jinsiy aloqada bo‘lishi uchun shart-sharoit yaratib bergani aniqlangan. Buning evaziga u “mijozlaridan” 40 ming so‘m pul olib, uyida fohishaxona tashkil qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida spa-salon va sauna niqobida fohishaxona tashkil qilgan shaxslarga nisbatan chora ko‘rilgani, Jizzaxda qizlarga raqqosalik va fohishalik bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratib bergan ayol ushlangani, Buxoroda ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarga ajratilgan uyda fohishaxona tashkil qilgan ayol aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)