“Paxtakor” klubining sobiq futbolchisi Birodar Abduraimov 19-iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘FAning navbatdan tashqari kongressida O‘zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedovning Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yindagi harakatlarini tanqid ostiga oldi.
Odilvoy, sizni juda yaxshi futbolchi sifatida bilaman. Ilk bor Olimpiya terma jamoasiga jalb qilinganingizda Samarqanddagi o‘yiningizni ko‘rib, ajoyib futbolchi ekanligingizga amin bo‘lgandim.Biroq so‘nggi o‘yinda (Saudiya Arabistoniga qarshi — izoh “Daryo”) meni xafa qilgan bir vaziyat bo‘ldi. Birinchi golga olib kelgan vaziyat... Sizni himoyada o‘ynashga kim majbur qilyapti? Siz har doim yarim himoyada o‘ynagansiz, to‘g‘rimi? Nima majbur qildi, axir bizga g‘alaba kerak edi.
To‘pni oldirib qo‘yganingizdan keyin... Yugurish kerak, uka. Terma jamoada bunday o‘ynalmaydi-ku! To‘g‘rimi? Siz sardorsiz, jamoani ortingizdan ergashtirishingiz kerak. Kelajakda murabbiy bo‘lasiz. O‘zbekiston uchun bunday o‘ynash aslo mumkin emas!
Birodar Abduraimov, sobiq futbolchi
Eslatib o‘tamiz, ushbu majlisda Odil Ahmedov terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi.
Odil Ahmedov O‘zbekiston milliy terma jamoasida 2007-yilda debyutini o‘tkazgan. Shu vaqtga qadar Odil terma jamoa safida 108 o‘yinda maydonga tushib, 20 ta golga mualliflik qilgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)