Tojikistonda so‘nggi ikki haftadan buyon ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mamlakatga koronavirus qaytgani haqida gapira boshladi, ammo Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilayotgan kunlik ma’lumotlar mamlakatda koronavirus yo‘qligini da’vo qilmoqda, deb yozadi Asia-Plus.

Foto: Asia Plus

Asia-Plus’ning manbalarga tayanib xabar berishicha, mamlakatning turli laboratoriyalarida koronavirusga chalinish bo‘yicha kuniga bir nechta holatlar aniqlanmoqda.

“Bizning laboratoriyada har kuni ko‘plab odamlar koronavirusga test topshiradi. So‘nggi ikki hafta davomida sutkasiga ma’lum miqdordagi kishilarda infeksiyani aniqladik. Masalan, 8-iyun kuni Dushanbening o‘zida 100 ga yaqin odamning testida koronavirus topildi”, — deydi “Diamed” xususiy laboratoriyasi xodimi.

Yana bir xususiy laboratoriya ham koronavirus yuqtirish holatlari aniqlanayotganini tasdiqladi. Ta’kidlanishicha, mamlakatdagi barcha laboratoriyalar Sog‘liqni saqlash vazirligiga kunlik hisobot yuboradi va COVID-19 aniqlangan taqdirda vazirlik zudlik bilan xabardor qilinadi.

Ammo Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya epidemiologiya stansiyasi (SES) huzuridagi davlat laboratoriyasida yil boshidan beri koronavirusga topshirilgan test natijasi ijobiy chiqmagani haqida xabar berilgan. Ular boshqa laboratoriyalarda COVID-19 topilgani to‘g‘risidagi xabarlarni  mish-mish deb atadi.

“Bir kunda 100 kishiga koronavirus tashxisi qo‘yilgani haqidagi mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Agar shunday bo‘lganida, barcha kasalxonalar to‘lib ketgan bo‘lardi” — deyiladi SES laboratoriyasida.

Dushanbedagi koronavirusga shubha qilingan bemorlarning asosiy qismi 1-sonli shahar sog‘liqni saqlash markaziga yotqiziladi. Asia-Plus manbasi xabariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda deyarli har kuni 3 kishi koronavirus bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilmoqda.

Asia-Plus manbalariga ko‘ra, Xo‘jand shahrida ham koronavirusga shubha qilingan bemorlar bor, ammo shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi buni rad etmoqda.

“Ayni paytda mintaqada epidemiologik vaziyat tinch. Hech bir bemor koronavirus alomatlari bilan kasalxonaga yotqizilmagan”, — dedi Xo‘jand yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Rustam Bo‘riyev.

11-iyun kuni Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi  mamlakatda koronavirus mavjudligini qat’iyan rad etdi va bu haqidagi xabarlarni faqatgina mish-mish deb atadi.

“Bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aks holda bosh shtab ularni ko‘rib chiqqan bo‘lardi. Shuningdek, koronavirus aniqlangan taqdirda, bu haqda jamoatchilik rasmiy ravishda xabardor qilinadi. Ba’zida shunga o‘xshash alomatlar — isitma, yo‘tal yoki pnevmoniya holatlari uchrab turadi, ammo birorta ham COVID-19 testiga ijobiy natija yo‘q” — dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Emomali Mirzoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirining shaxsiy nazoratida, u kuniga ikki marta barcha vrachlar va boshqa mas’ul shaxslar bilan videokonferensiya o‘tkazadi. Mamlakat bo‘ylab xonadonlarni aylanib chiqish davom etmoqda va kasallik alomatlari bor odamlar nazorat ostiga olinmoqda.

“Agar gumonlanuvchining isitmasi va quruq yo‘tali bo‘lsa, undan testlar olinadi. Ko‘pgina hollarda bu mavsumiy kasallik bo‘lib chiqadi, uning koronavirusga hech qanday aloqasi yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi Mirzoyev.

Uning ta’kidlashicha, ko‘pincha isitma va pnevmoniya holatlari bolalar va o‘smirlarda kuzatiladi va bu sovuq ichimlik ichish yoki sovuq suvda cho‘milish bilan bog‘liq.

Vakilning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar koronavirusni mamlakatga qayta kiritilishining oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda. Tojikistonga kelayotganlarning barchasi koronavirus testi salbiy bo‘lgan taqdirdagina mamlakatga kiritiladi. Shuningdek, og‘ir vaziyatga tushib qolgan bir qator davlatlardan, masalan, Turkiya va Hindistondan keluvchilar maxsus nazoratga olinadi. Ular karantinga rioya qilib, COVID-19’ga ikki marta test topshiradi. Natijalar salbiy chiqqanidan  keyingina cheklovlardan ozod qilinadi.