Tojikiston Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi rahbari Jamoliddin Abdullozoda mamlakatga koronavirus qaytgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi, deb yozadi Asia Plus.

Foto: Asia Plus

“Ommaviy axborot vositalarida mamlakat kasalxonalariga yana COVID-19 bilan kasallangan bemorlar yotqizila boshlangani haqida xabar berilgan. Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aslida respublikada “pnevmoniya bilan qayta kasallanish” bo‘yicha bir nechta holatlar qayd etilgan.

“Shifokorlarning ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirish natijasida ular pnevmoniyaga chalingan. Bemorlar mening shaxsiy buyrug‘im bilan yuqumli kasalliklar shifoxonalarida emas, terapiya bo‘limiga yotqizildi. Ularning barchasi suv havzalarida suzish natijasida va so‘nggi kunlardagi ob-havo sharoiti tufayli pnevmoniyaga chalingan. Ular boshqalarga xavf tug‘dirmaydi va atrofidagilarga kasallik yuqtirmaydi”, — dedi vazir.

U jurnalistlardan “Tojikiston aholisi va mehmonlari orasida vahima tarqatmaslikni” so‘radi.

Bir kun oldin mamlakat shimolida bir nafar xorijlik koronavirus bilan va yana 15 kishi pnevmoniya bilan kasalxonaga yotqizilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Xabarlarga ko‘ra, O‘zbekistondan Xo‘jandga kelgan Yaman fuqarosida COVID-19 testining natijasi ijobiy chiqqan.

Xo‘janddagi “Luqmoni Hakim” laboratoriyasi rahbari Akbarxon Samadzoda 16-may kuni Yaman fuqarosidan tahlil olingani, ikkita test ijobiy natija berganini tasdiqladi.

Shu bilan birga, Yaman fuqarosi hozirda davolanayotgan Xo‘jand yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Rustam Bo‘riyevning aytishicha, bemorda “koronavirus alomatlari yo‘q va u nazorat ostida”.

Bo‘riyev, shuningdek, so‘nggi bir hafta ichida yuqori harorat tufayli 15 kishi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilganini aytdi. “Ammo ularga kovid tashxisi qo‘yilmagan, ular mavsumiy pnevmoniyaga chalingan”, — deydi u.