AQSh prezidenti Jo Bayden Amerikaning jismoniy va yuridik shaxslariga sarmoya kiritish taqiqlangan Xitoy kompaniyalarining kengaytirilgan ro‘yxati to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Oq uy veb-saytiga tayanib “RBK” xabar berdi.

Foto: Reuters

Xabarga ko‘ra, “qora ro‘yxat”ga Vashington nazdida Xitoy harbiy-sanoat kompleksiga aloqasi bo‘lgan 59 ta tashkilot kiritilgan. Ular orasida dunyodagi eng yirik telekommunikatsion kompaniyalardan Huawei, China Mobile Communications Group Co., Ltd., China Telecommunications Corporation va boshqa aloqa korxonalari bor.

Shuningdek, ro‘yxatdan Xitoy davlat harbiy sanoat kompaniyasi (CASIC), Xitoy aerokosmoik ilmiy-texnologiya korporatsiyasi (CASC), Xitoy milliy yadroviy korporatsiyasi (CNNC), Xitoy milliy ofshor neft korporatsiyasi (CNOOC) ham joy olgan.

Farmonga ko‘ra, amerikaliklarga “AQSh va uning ittifoqchilari xavfsizligi yoki demokratik qadriyatlarini buzadigan” kompaniyalarning aksiyalarini sotib olish yoki sotish taqiqlanadi. Shuningdek, Oq bayonotida aytilishicha, Xitoy kuzatuv, repressiya va inson huquqlarini buzish uchun texnologiyalardan foydalanayotgan bo‘lishi mumkin.

Qayd etilishicha, taqiq 2021 yil 2-avgustdan kuchga kiradi.

Baydenning ushbu farmoni undan oldingi prezident Donald Tramp davrida qabul qilingan choralarni to‘ldiradi. 2021-yilning yanvar oyi boshida Donald Tramp administratsiyasi Xitoyning 10 ta kompaniyasini “qora ro‘yxat”ga kirgizgan. Ular orasida Xiaomi kompaniyasi ham bor edi. Hi-Tech.Mail.ru’ning yozishicha, taqiq noyabr oyida kuchga kirishi kerak bo‘lgan, biroq Xiaomi kompaniyasi sud orqali uni bekor qilishga erishgan.