Toshkentda kuzatilayotgan issiq havo sabab yer ustida harakatlanuvchi metro poyezdlari tezligi cheklanadi, deya xabar bermoqda Toshkent metropoliteni.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, havo harorati keskin ko‘tarilishi natijasida, harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida, poyezdlar Toshkent yerusti halqa yo‘lida soat 18:00 gacha chegaralangan tezlik (30—35 kilometr/soat)da harakatlanadi.

Kompaniya ushbu cheklov necha kun davom etishi va kunning qaysi vaqtidan boshlab amal qilishi haqida ma’lumot bermagan.

Avvalroq O‘zbekistonda metroda yo‘lovchilar tashishni tartibga soluvchi qonunchilik yo‘qligi ma’lum bo‘lgani, Toshkentda metro poyezdi “Hamid Olimjon” bekatida to‘xtab qolgani hamda Toshkent metropoliteni kuchli shamol yerusti metro stansiyasining tom qoplamasini uchirib yuborgani yuzasidan ma’lumot bergani haqida xabar berilgandi.