O‘zbekiston mustaqilligidan so‘ng 30 yil o‘tib mamlakatda metroda yo‘lovchilarni tashishni to‘liq tartibga soluvchi qonunchilik yo‘qligi ma’lum bo‘ldi, deb xabar beradi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi.

Foto: “Daryo”

Keyingi vaqtlarda poytaxt aholisi yerosti transportida tez-tez muammolarga duch kelmoqda. Yo‘lovchilar tomonidan suratga olingan videorolik keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, poytaxt aholisi orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Agentlik tomonidan poytaxt metropoliteni yo‘lovchilarining huquqlarini himoya qilish maqsadida olib borilgan ishlar natijalariga ko‘ra, iste’molchilarga bevosita metropolitenda yo‘lovchilarni tashish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi normativ hujjatlar (O‘zbekiston Respublikasi “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi qonunidan tashqari) amalda mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Holbuki, mamlakatda temiryo‘l, havo hamda avtomobil transportlarida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qat’iy qonun bilan aniq tartibga solingan. Agentlik, shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina va boshqa mamlakatlarning metropolitendan foydalanish va eskalatorda o‘zini tutish qoidalari, yo‘lovchilar xavfsizligi, bagaj va qo‘l yuklarini tashish hamda ularni saqlash tartibi, tijorat obyektlari va reklamalarni joylashtirish tartiblari bo‘yicha tajribalarini o‘rgandi. Bunday hujjatlar iste’molchilar uchun ochiq manbalarda berilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, agentlik O‘zbekiston Transport vazirligiga iste’molchilar huquqlari va xavfsizligini to‘laqonli ta’minlash maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etdi.

  1. Yo‘lovchilarning hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash nuqtayi nazaridan metropolitenda yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaji tashish qoidalarini ishlab chiqish hamda normativ-huquqiy hujjat shaklida tasdiqlash hamda unda quyidagilar:
  • yo‘lovchi va tashuvchining huquq va majburiyatlari, avariya va texnik nosozliklar yuzaga kelganda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlar (batafsil yoritgan holda), avariya va texnik nosozlik sababli xizmat ko‘rsatish to‘xtatilganda yo‘lovchiga yetkazilgan zararlarni (shu jumladan, to‘langan pullarni) qoplab berishning aniq tartibi va mexanizmlari;
  • yo‘lovchi-iste’molchilar bilan pullik hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi;
  • metropolitenda yo‘lovchi xavfsizligini ta’minlashning davlat kafolatlarini nazarda tutish zarur.
  1. Moddiy-texnik imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, metropoliten xizmatlarining sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ko‘rsatilishini hamda yo‘lovchilar hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishi imkoniyatlarini ta’minlash.
  2. Aholining axborot xabardorligini yanada oshirish, xizmat ko‘rsatish qoidalarini tushunarli (videografikli, animatsiyali) tarzda yo‘lovchilarga yetkazish, shu jumladan, bekat va vagonlardagi monitorlarda muntazam ravishda berib borish.

O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Shunga ko‘ra, ijrochi (tashuvchi)ning aybi bilan yo‘lovchi belgilangan manzilga yetkazib qo‘yish ta’minlanmagan taqdirda ijrochi yo‘lovchini belgilangan boshqa transport vositasi orqali manziliga yetkazib qo‘yish yoki yo‘lovchi tomonidan to‘langan pul mablag‘larini qaytarish choralarini ko‘rishi shart.

Bundan avval Toshkentda metro poyezdi “Hamid Olimjon” bekatida to‘xtab qolgani haqida xabar berilgandi.

Bundan tashqari, 9-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda poyezdning ochiq eshiklar bilan harakati tushirilgan video tarqaldi. Shu bilan birga, metropolitendagi yerosti va yerusti poyezd harakatlarining bir nechta boshqa videolari ham ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p bora muhokama qilindi. 28-aprel kuni esa tunnelda to‘xtab qolgan poyezd haqidagi video tarqaldi, unda yo‘lovchilar relslar orqali harakatlanib, bekatga yetib olgani tasvirlangan.

18-mart kuni esa “Olmazor” (Chilonzor yo‘li) va “Bekat-1” (Sergeli yo‘li) orasidagi tunnelda ikki poyezd to‘qnashgandi.