Ijtimoiy tarmoqlarda kuchli shamol poytaxt yerusti metro bekatlaridan birining tom qismlarini uchirib yuborgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent metropoliteni matbuot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi, deya xabar qilmoqda “Repost”.

Kadr: Telegram

Ta’kidlanishicha, 20-may kuni yuz bergan kuchli shamol 4 kvadrat metr profnastil va 17 kvadrat metr qoplama materialni uchirib yuborgan. Hodisa halqa yo‘lining Tuzel stansiyasida sodir bo‘lgan.

Metro bekatining ichi hech qanday zarar ko‘rmagan, bekatdagi yo‘lovchilarga biror shikast yetmagan. Hodisa shuningdek, poyezdlar harakati va harakat jadvaliga ta’sir ko‘rsatmagan.

Bundan avval Sergeli metrosidagi bekatlardan biri 14 daqiqaga elektr ta’minotidan uzilib qolgani, Toshkent metrosining barcha yo‘nalishlari 21-maydan boshlab faqat 23:00 gacha ishlashi hamda Toshkent metrosining “Amir Temur xiyoboni” bekatida barcha yo‘lovchilar tushirib yuborilganiga izoh berilgani haqida xabar berilgandi.