KXDR Davlat kengashi raisi Kim Chen In Koreyaning Birlashgan kasaba uyushmalari VIII kongressi ishtirokchilariga xat yubordi. Xatda mehnat jamoalarini Koreya Mehnat partiyasining (KMP) so‘nggi qurultoyida belgilangan milliy iqtisodiy maqsadlarni amalga oshirishga o‘zlarini baxshida etishga chaqirdi. Shu bilan birga, mamlakat rahbari buni “tarixdagi eng qiyin yillarda” amalga oshirish lozimligini ta’kidladi. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligiga tayanib “TASS” xabar berdi.

Foto: EPA

“Tarixdagi eng ulkan qiyinchiliklarga qaramay, mamlakatimiz qudrati va obro‘si muttasil o‘sib bordi, ichki rivojlanish va inqilob tomon siljish qobilyatimiz susaymadi. Hozir biz hamma narsada taqchillikni his qilmoqdamiz, ammo sotsializm sharoitida hech narsaga muhtoj bo‘lmaydigan, hech kimga hasad qilmaydigan boy va mo‘l-ko‘l hayot uzoq kuttirmyadi”.

KXDR yetakchisi kasaba uyushmalari o‘z ishini KMPning “milliy iqtisodiyotni kalibrlash va mustahkamlashga yo‘naltirilgan” maqsadlari tomon olib boradigan tarzda amalga oshirishi lozimligini eslatib o‘tdi.

Buning uchun iqtisodiyotning “nafaqat mustahkam poydevorini yaratish” va “odamlarning yashash tarzini yaxshilash”, balki “hayotdan xursand odamlardan iborat qudratli sotsialistik yurt farovonligini kafolatlash zarur”.

“Bu shuni anglatadiki, bizning sotsialistik tizimimiz jon saqlab qolishdan yangi bosqichga — yangilik va transformatsiyaga o‘tishi kerak. Yangi davr esa nihoyatda jadal o‘sishni talab qiladi”, — deya qo‘shimcha qildi Kim Chen In.

Aprel oyida KXDR yetakchisi Kim Chen In mamlakatda keng miqyosda ocharchilik bo‘lishi mumkinligini tan oldi. KXDRda vaziyatning yomonlashuvidagi muhim omillardan biri bu chegaralar yopilishi sababli Xitoy bilan savdo hajmining keskin pasayishi edi.

Avvalroq Shimoliy Koreyada koronavirus tarqalishiga qarshi kurash uchun o‘rnatilgan qattiq cheklovlar sharoitida xalqaro gumanitar tashkilotlar, xususan, Jahon oziq-ovqat dasturining so‘nggi xodimlari mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgani haqida xabar berilgandi.