Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In 2021-yilning aprelida mamlakat aholisini yangi “Mashaqqat kampaniyasi”ga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi. Shimoliy Koreyada ushbu ibora mamlakat tarixidagi eng qorong‘u davrlardan biri — 1990-yillar oxiridagi yuz minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan ocharchilikni tasvirlashda ishlatiladi. Meduza Seuldagi Kunmin universitetining yetakchi tadqiqotchisi Fyodor Tertitskiydan Kim Chen In o‘z xalqini bunchalik qo‘rqitishiga nima sabab bo‘lgani haqida aytib berishini so‘radi.

Foto: EPA

Kim Chen In Koreya Ishchilar partiyasi a’zolari kotiblarining 6-yig‘ilishi yakunida nutq so‘zlar ekan shunday dedi:

Markaziy qo‘mitadan boshlab barcha partiya tashkilotlarini, butun partiya a’zolarining kotiblarini o‘ta og‘ir “Mashaqqat kampaniyasi” chig‘irig‘idan o‘tkazishga qaror qildim. Bundan maqsad maksimal moddiy va madaniy farovonlikni ta’minlash hamda Ona partiyasiga ishongan, unga ergashgan, o‘z partiyasini himoya qilish uchun o‘nlab yillar davomida azob chekkan xalqimizning azoblarini oz bo‘lsa-da, yengillashtirishdan iborat.

Bunday bayonot KXDR aholisi uchun yaxshilikdan dalolat bermaydi. Bu o‘n yil oldin, hokimiyat tepasiga kelgan Kim Chen In tanlagan yo‘nalishning bevosita muvaffaqqiyatsizligi natijasidir.

Donald Tramp qay tarzda Kim Chen Inning rejasini barbod qilgan?

Dastlabki o‘ninchi yillar Shimoliy Koreya iqtisodiyoti uchun ancha serhosil davr bo‘ldi. 2011-yilning dekabr oyida mamlakat yangi rahbar qo‘liga o‘tdi. Kim Chen In hokimiyatdagi faoliyatining birinchi haftasida o‘tkazgan yopiq yig‘ilishda KXDRda hammasi yaxshi, ammo “oziq-ovqat masalasini hal qilish” kerakligini aytdi. “Oziq-ovqat bilan bog‘liq muammolarni” hal qilish uchun Shimoliy Koreyaning bir guruh rasmiylari narxlarni nazorat qilishdan voz kechish, qishloq xo‘jaligi va sanoatni sezilarli darajada nomarkazlashtirish va ishchilarni to‘g‘ridan to‘g‘ri moddiy rag‘batlantirishni o‘z ichiga olgan tarkibiy islohotlar loyihasini tayyorladi: rag‘bat ishchilarga mahsulotlarni qisman o‘zlarida qoldirishi mumkinligini nazarda tutadi.

Dastlab, bu chora-tadbirlar sezilarli samara berdi va Shimoliy Koreya iqtisodiyoti sezilarli darajada o‘sishni boshladi. Biroq Kim Chen In uchun iqtisodiy o‘sish ikkinchi darajali masala edi. Mamlakat rahbarining yangi xobbisi — raketalar sinoviga bo‘lgan qiziqishi oxir-oqibat islohotlarga jiddiy nuqta qo‘ydi. Mazkur qiziqish strategik qurolga aylandi, uning takomillashib borishi davomida KXDR so‘nggi o‘n yil ichida ulkan yutuqlarga ham erishdi.

Muntazam raketa va yadro sinovlari “katta beshlik”davlatlar — BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari orasida jiddiy tashvish uyg‘otdi va har bir yangi sinov o‘z ortidan yangi sanksiyalar to‘plamini yetaklab keldi. Bugungi kundagi ularning so‘nggisi 2397-sonli qarori bo‘lib, unda Shimoliy Koreyaga qarshi allaqachon kiritilgan keng miqyosdagi tizimli sanksiyalarni yanada kengaytirish nazarda tutilgan.

Dastlab, Pxenyanning rejasi strategik qurollarini takomillashtirish bo‘lgan edi. Ya’ni, agar biror kor hol yuz bersa, Pxenyan Vashington uzra termoyadro kallakli qit’alararo ballistik raketani uchirish imkoniyatidan foydalanishni ko‘zlagan edi. So‘ngra rejalar zaxira nusxasini yaratishga o‘zgardi, bundan maqsad o‘zini dunyodagi eng tinch mamlakat qilib ko‘rsatib, keyingi sinovlarni to‘xtatib turish va sinov maydonchalarini demontaj qilish kabi ba’zi boshqa ramziy harakatlar evaziga sanksiyalarning aksariyatidan xalos bo‘lish edi. Biroq Donald Trampning harakatlari tufayli mazkur reja barbod bo‘ldi.

Tramp 2016-yilda AQSh hokimiyatiga kelgach, darhol Pxenyanga nisbatan o‘ta qattiq pozitsiyani tanladi va nimadir yuz bergan taqdirda, KXDR muammosini harbiy yo‘l bilan hal qilish kerakligi haqida muntazam kengashlar chaqira boshladi. Natijada, Pxenyan 2017-yil noyabr oyida o‘zi intilayotgan so‘nggi bosqichdan biroz oldinroq raketa sinovlarni cheklashga majbur bo‘ldi. Shimoliy Koreyada Vashingtonga zarba berishga qodir raketa hali yo‘q edi. Shimoliy koreyaliklarda o‘zi biror vodorod bombasi bormi, yoki ulardagi shunchaki odatiy atom bombasimi, haligacha noma’lum.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, 2018-yil mart oyida Tramp g‘azabini rahm-shafqatga o‘zgartirdi va Shimol bilan muzokaralarga tayyorligini bildirdi. O‘sha yilning 12-iyunida u Singapurda birinchi KXDR va AQSh sammitini o‘tkazdi. Barcha mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, shundan keyin Pxenyan keyingi uchrashuv paytida “esini yegan amerikalik qariya”ni (ilgari Kim Chen In Trampni omma oldida shunday atardi) avrab sanksiyalarni bekor qildirishga umid qilgan. Shunday qilib, “top lider” g‘alaba ilinjida 2019-yil fevral oyida Vyetnam poytaxti Xanoyda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi sammitga yo‘l oldi.

Foto: EPA

Amerika ommaviy axborot vositalarining aksariyati Trampning Shimoliy Koreyadagi siyosatini zolimning sharmandali ko‘ngilxushligi sifatida tasvirladi. “Kim Chen Inning yonida turishning o‘zi bilan Tramp bu qotilni legallashtirmoqda”, — deya bong urdi liberal OAV.

Biroq Tramp koreyaliklar kutganidan ancha aqlli bo‘lib chiqdi va tanqidchilarining ishonchiga kirdi. Pxenyanning takliflarini tinglagan AQSh prezidenti: “Yo‘q, siz kelishuvga tayyor emassiz”, — dedi. Keyin u  Kim Chen Inni quruq qo‘l bilan qoldirib, Vyetnamdan uchib ketdi. Shundan keyingina koreyaliklar o‘zlarining qay ahvolda ekanini tushunib yetdi. Axir BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalari muddatining oxiri bo‘lmasligi ham mumkin, ya’ni nazariy jihatdan ular hatto bir yil, hatto butun asrlar davomida o‘z kuchida qolishi mumkin. Sanksiyalarni bekor qilish uchun esa “katta beshlik”ning, shu jumladan AQShning bir ovozdan roziligi zarur.

Shimoliy Koreyada “ilmiy iqtisod” deganda nima tushuniladi?

Pxenyan uchun bu kamida o‘rta muddatli istiqbolda sanksiyalar umuman bekor qilinmasligi mumkin degan ma’noni anglatadi. Yangi sinovlarga qaytish esa endi oson emas edi. Chunki muzokaralar boshlanishi bilan dunyo tinchib, Shimoliy Koreyaning yadroviy raketalari haqidagi yangiliklar yangramay qo‘ygan edi. Sinovlarni qayta boshlash Pxenyanning muzokaralar stolidan chiqib ketishini anglatadi, aks holda, KXDR qattiq g‘azabga, xususan, Pekinning oqibati yanada og‘ir bo‘lgan sanksiyalar ko‘rinishidagi jazosiga duchor bo‘lardi.

2017-yilda o‘tkazilgan sinovlar natijasida mamlakat orttirgan yangi sanksiyalar to‘plami yanada qattiqroq bo‘lsa-da, unchalik ahamiyatli emas edi. Chunki yangi sinov muhim voqea sifatida qabul qilingan, ammo unchalik katta kuch deb hisoblanmagan. Hozirgi yangi sinovlar esa xavfli deb baholanmoqda. Bundan tashqari, 2017-yil noyabr oyida KXDR rasmiylari o‘z fuqarolariga strategik qurollarni ishlab chiqarish tugallangani to‘g‘risida xabar berdi: sinovlarga qaytish va yangi sanksiyalarning mohiyatini odamlar tushunmas edi (KXDR hanuz qisqa masofali raketalarni sinovdan o‘tkazishda davom etmoqda).

Keyinchalik sodir bo‘lgan voqealarga qarab, Kim Chen In endi hech kimga ishonmaslik kerak degan qarorga keldi. Xanoydagi musibatdan keyin Shimoliy Koreya avvalgidan ham yopiqroq mamlakatga aylandi. Ushbu tendensiya 2020-yilda koronavirus pandemiyasi boshlanishi bilan kuchaydi. Pandemiyaga nisbatan Pxenyan juda qattiq munosabatda bo‘lib, tashqi dunyo bilan aloqalarni butunlay uzib qo‘ydi.

Nihoyat, 2021-yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan Koreya Ishchilar partiyasining 8-syezdi qarshi islohotlar tomon dadil yo‘nalish oldi. Yangi besh yillik reja e’lon qilindi: mamlakat iqtisodiyoti “davlat miqiyosida, rejali va ilmiy” bo‘lishi kerak.Ushbu uchlikning uchinchi komponenti Pxenyanning qachondir ular iqtisodiy o‘sishni boshlaydigan sof texnologik yechim topishga qodir ekaniga qat’i ishonchini aks ettirdi. Dastlabki ikkitasi esa mamlakat endi qaysi yo‘nalishda harakatlanishini yaqqol ko‘rsatib berdi.

Yaponiyalik tadqiqotchilar (va ular orqali ushbu matn muallifi) qisman qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan avvalgi 2016-yildagi iqtisodiy rivojlanishning besh yillik strategiyasi ham konservativ edi, ammo endi KXDRda iqtisodiy reaksiya davri boshlandi, bu mamlakat uchun yaxshilikdan dalolat bermaydi.

Nima uchun Kim Chen In xalqini bunchalik qo‘rqitmoqda?

Yadro raketalari namoyishi va Xanoydagi diplomatik muvaffaqiyatsizlik natijasida, 2010-yillarning ikkinchi yarmida KXDR iqtisodiyoti pasayishni boshladi. Turg‘unlik darhol yashash standartlariga ta’sir ko‘rsatdi. Narxlar dinamikasiga qarab, Shimoliy koreyaliklarning nafaqat makkajo‘xori, balki guruchni ham muntazam iste’mol qila oladigan o‘rta sinf ulushi kamayishni boshladi.

Hokimiyat inqiroziga javob mafkurada topildi. Rasmiylar muntazam ravishda odamlarga murojaat qilib, hozir juda qiyin davr ekani — pandemiya sodir bo‘layotgani va imperialistlar hanuzgacha respublikani sanksiyalar bilan bo‘g‘ib o‘ldirishga urinayotganini uqtirardi. Mamlakatning asosiy gazetasi “Nodon Sinmun” har kuni koronavirus bo‘yicha dunyoning yangi statistikasini e’lon qiladi (KXDRda koronavirusga chalinish holat rasmiy ravishda nolga teng). Gazetaning asosiy xabari shundan iboratki, siz rahbarga chidashingiz va unga ishonishingiz kerak, shunda, vaziyat silliq ketishini ko‘rasiz.

Kim Chen In partiya rahbarlariga “mashaqqatli kampaniyani”ni va’da qilar ekan, u ularga emas, balki ko‘plab avtokratlarga xos ruhdagi odamlarga murojaat qila boshladi: “Men elita bilan emas, balki siz bilanman”.

Aftidan, “top rahbar” bunday murojaat Shimoliy Koreyaliklarning hech bo‘lmaganda bir qismini hukumat ularning muammolarini tushunadi, ularning yonini oladi va mahalliy rasmiylarning ularni talon-taroj qilishiga yo‘l qo‘ymaydi, deb ishonishiga olib keladi deb kutmoqda.

Bir vaqtning o‘zida, Kim Chen In o‘zining Markaziy qo‘mitasiga: “O‘rtoqlar, men siz va oilangiz ochlikdan o‘lishiga qaror qildim”, — deb e’lon qilishni istamasligi aniq. Axir, buning ortidan u qudratidan ayrilishi mumkin. Elita a’zolaridan hamma narsani tortib olish unchalik oqilona yo‘l emas. Biroq partiya a’zolarining kotiblari va umuman olganda, elitaning quyi qatlami vakillari bellarini mahkam bog‘lashi kerak. Albatta, faqat “mashaqqat kampaniya”si darajasiga emas — bu hali ham giperbola. O‘tgan yillar amaliyotidan kelib chiqqan holda, ehtimol, jamg‘armalar poytaxt aholisiga qayta taqsimlanadi (chunki ularning qo‘zg‘oloni hokimiyat uchun xavfli bo‘lishi mumkin), shuningdek, xavfsizlik kuchlari, birinchi navbatda, Kimning o‘zini himoya qiladigan qo‘riqchilar qo‘mondoni, Davlat muhofazasi vazirligi va Pxenyan mudofaa qo‘mondonligi ham qayta taqsimlanishi mumkin.

Qanday qilib Janubiy Koreyadagi prezidentlik saylovlari Shimoliy Koreyaning bosh umidiga aylandi?

Albatta, qayta taqsimlashning o‘zigina Shimoliy Koreyaning asosiy muammolarini hal qila olmaydi, muammolar ichida faqat koronavirus epidemiyasi vaqtinchalikdek tuyuladi. Rasmiy ravishda KXDRda koronavirusga chalingan bemorlar yo‘q, ammo vaqti-vaqti bilan ma’lum bir shaharda to‘liq blokirovka o‘rnatilgani to‘g‘risidagi hisobotlarga qaraganda, virus onda-sonda mamlakatga kirib boradi va karantin yordamida darhol bartaraf etiladi, buni amalga oshirish totalitar davlat uchun muammo emas. Yaqin kelajakda kasallik mag‘lub bo‘lishi yoki hech bo‘lmaganda jahon iqtisodiyotining o‘sishi tiklana boshlashi aniq, bu esa Pxenyan uchun juda muhim.

Gap shundaki, iqtisodiyotining yopiqligiga qaramay, KXDR aslida tashqi iqtisodiy vaziyatga qaram, xususan, Shimoliy Koreya savdosining 90 foizdan ortig‘i Xitoyga bog‘liq. Kim Chen In, shubhasiz, ichkaridan biror narsani o‘zgartirmaydi. Rejaga va markazlashtirishga asoslangan safsatalarga qaraganda, Den Syaopin yoki Raul Kastroning misollari unga ilhom bermaydi. KXDRning tuzilishidagi asosiy muammo — totalizatsiya hech qachon hal qilinmaydi.

Shuningdek, sanksiyalar rejimining yengillashishini kutishdan ham foyda yo‘q. Buning uchun AQSh roziligi kerak va yaqin kelajakda bunday rozilikni olish mumkin bo‘lgan yagona ssenariy — bu 2024-yilda Donald Trampning Oq uyga qaytishi va KXDR bilan Tramp ma’muriyati uchun maqbulroq bo‘lgan shartnoma imzolanishi. Jo Bayden davrida sanksiyalarni bekor qilish haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Shunday qilib Kim Chen In Xitoy bilan yuzma-yuz keldi. U allaqachon tashqi savdoni diversifikatsiya qilishga urinib ko‘rdi va Moskva yoki Seuldan katta miqdorda yordamni olishga umid qildi. Ammo KXDR bu yerda ham muvaffaqiyat qozona olmadi — Kreml o‘zining Shimoliy Koreyaga oid siyosatida Pekinga, Janubiy Koreya prezidentining qarorgohi bo‘lmish Moviy Uy esa Oq uyga yo‘naltirilgan. Boshqa tomondan, AQSh sanksiyalar rejimini saqlab qolishdan manfaatdor, Xitoy esa uning Shimoliy Koreyaga monopol iqtisodiy ta’siridan manfaatdor. Rossiyaning hech bir hukumati bir vaqtning o‘zida ham AQSh, ham XXR bilan janjallashishni xohlashi aqlga sig‘maydi, shuning uchun Rossiyadan chinakam mustaqil siyosat olib borishini kutmaslik kerak.

G‘ayriodatiy tuyulsa ham Kim Chen Inda Janubiy Koreyaliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanish imkoniyati ko‘proq. Janubiy Koreyada 2022-yilda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi va prezidentlik uchun Kengi provensiyasi gubernatori, so‘l qanot vakili Li Chjeman ham nomzodini qo‘ygan.

So‘rovnomalarda Li markaziy chap qanotdagi nomzoddan ishonch bilan o‘zib ketib, asosiy o‘ng qanot nomzodi bilan birinchi va ikkinchi o‘rinlarda teng bormoqda. Li hokimiyatga kelgan taqdirda, Seul va Vashington o‘rtasida favqulodda kelishmovchilik yuzaga kelishini ham, Moviy uyning Shimoliy Koreyaga nisbatan munosabati ancha iliqlashini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Ko‘rinib turibdiki, Shimoliy Koreya uchun kelgusi yillarda xalqaro ideal o‘rin Janubiy Koreyada Li Chjemanning  2022-yilgi saylovlarda yutib chiqishi, keyinroq esa 2024-yilda AQSh saylovlariga Tramp o‘z nomzodini qo‘yib, g‘alaba qozonishiga bog‘liq. Ungacha Kim Chen Inning Shimoliy Koreya xalqini bardam va chidamli bo‘lishga, belini mahkam bog‘lashga va o‘z rahbarini yanada ko‘proq sevishga undashi o‘z ahamiyatini yo‘qotmasligi aniq.