Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev “Paxtakor” futbol klubi vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda “Paxtakor” matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Jahongir Ortiqxo‘jayev “Paxtakor” futbol klubi rahbariyati, asosiy jamoa va klub vakillari bilan uchrashish uchun “Paxtakor” stadioniga tashrif buyurdi. Unda Toshkent shahar hokimi “Paxtakor” jamoasi hamisha o‘zbek futboli faxri bo‘lib kelgani, bundan buyon klubda barcha sharoitlar muhayyo etilishi borasida so‘z yuritdi.
Jamoa O‘zbekistonda yetakchilikni saqlab, Osiyo Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylanish maqsadida harakatlarini muntazam kuchaytirib borishiga urg‘u berdi. Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilishi, yosh futbolchilar va akademiyaga e’tibor qaratilishi to‘g‘risida aytib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida “Paxtakor” bosh murabbiyi Piter Hyuistra va jamoa sardori Yegor Krimets minnatdorchilik sifatida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga “Paxtakor”ning birinchi raqamli libosini taqdim etdi.
Eslatib o‘tamiz, klubning 80% aksiyasiga 2017-yil buyon egalik qilib kelayotgan SFI Management Group “Paxtakor”dagi ulushidan voz kechdi va klub to‘liq Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkazildi.
“Paxtakor” Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan O‘zbekistonda 2020-yilni eng ko‘p zarar bilan yakunlagan davlat korxonalari reytingiga kiritildi. Klub bunga nisbatan rasmiy bayonot bilan chiqib 2018—2020-yilgi xarajatlar to‘liq SFI tomonidan qoplanganini ma’lum qildi.
Avvalroq Toshkentdagi “Bunyodkor” stadioni Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan moliyalashtirilishi ma’lum bo‘lgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)