Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 10-avgust kuni qozog‘istonlik hamkasbi Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

To‘qayev suhbat chog‘ida qozog‘istonliklar Ukraina xalqiga, uning tarixi, madaniyati, tiliga samimiy hurmat bilan munosabatda ekanini aytgan. Siyosatchi Qozog‘iston Ukrainada xalqaro huquq tamoyillari asosida mustahkam tinchlik o‘rnatilishidan manfaatdor ekanini bildirgan.
Prezident Ostona boshidanoq adolatli asosda tinchlik formulasini birgalikda izlash tarafdori ekanini, BMT Ustaviga qat’iy rioya qilish, suveren davlatlar chegaralari daxlsizligi va ularning hududiy yaxlitligini izchil ravishda qo‘llab-quvvatlashini eslatib o‘tdi, deyiladi Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabarida.
To‘qayevning fikricha, hozirgi murakkab vaziyatda mojaroni hal qilishga vazminlik va oqilona yondashish, Ukraina davlatchiligini saqlab qolish va himoya qilishni ta’minlash muhim.
U hududiy masalaning murakkabligini to‘liq tushunishini ta’kidladi. Biroq hozirgi eng muhim vazifa — Ukrainaga xalqaro miqyosda kafolatlangan xavfsizlik asosida o‘z davlatligini saqlab qolish ekanini bildirdi. Qozog‘iston Ukraina bilan turli sohalarda hamkorlikni davom ettirish niyatida ekani ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 8-avgust kuni Qozog‘iston yetakchisi bilan telefonda muloqot qilgandi. Shu kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ham telefon suhbati bo‘lib o‘tgan.
Ikkala muloqotda ham Rossiya rahbari Trampning maxsus vakili bilan bo‘lib o‘tgan suhbatning asosiy natijalari haqida ma’lumot bergan. Davlat rahbarlari bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqqan edi.
Izoh (0)