Fransiyada prezident Emmanuel Makronni o‘ldirish bilan tahdid qilgan isroillik ravvin David Daniel Koenga qarshi tergov boshlandi. Bu haqda France 24 xabar berdi.

Ravvin o‘zining YouTube’dagi shaxsiy sahifasida 37 daqiqalik video joylagan. U Fransiyaning Falastin davlatini tan olish niyati uchun Makronni keskin tanqid qilgandi. Jumladan, ”Fransiya prezidenti o‘ziga tobut tayyorlab qo‘ygani ma’qul, chunki uning pozitsiyasi Xudoning irodasiga zid”, deb atagan.
Fransiya ichki ishlar vaziri Bryuno Petayo bu bayonot ortidan tergov boshlanganini aytgan. Makron esa 2025-yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasining navbatdagi sessiyasigacha mustaqil Falastin davlatini rasman tan olishini ta‘kidlagan.
Siyosatchi bu Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishiga hissa qo‘shishini aytgan. Fransiya prezidentining pozitsiyasini arab davlatlari keng qo‘llab-quvvatlagan. Isroil esa keskin e‘tirof bildirgandi.
Falastinni tan olmoqchi bo‘lgan davlatlar
Isroilning G‘azoga hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 60 ming kishidan oshdi. Sektordagi gumanitar vaziyat og‘irligicha qolmoqda, ocharchilik tufayli qurbonlar soni 193 nafarga yetdi, ularning 96 nafari bolalar. Qator davlatlar Isroildan blokadani to‘xtatish, G‘azoga gumanitar yordam kirishini ta’minlashni so‘ragan.
Mazkur chaqiriqlar fonida Buyuk Britaniya, Kanada, Portugaliya, Fransiya va Mali sentyabrda BMT Bosh assambleyasi sessiyasi boshlanishidan oldin Falastin davlatini tan olishga tayyorligini aytgan.
Bundan tashqari, yana 10 davlat: Andorra, Avstraliya, Kanada, Islandiya, Irlandiya, Lyuksemburg, Yangi Zelandiya, Norvegiya, San Marino, Sloveniya va Finlyandiya ham shunday qadam tashlash niyatida. Dunyo bo‘ylab 140 dan ortiq davlat Falastin davlatini tan olgan, Yevropa Ittifoqining 27 mamlakatidan 12 tasi shunday qaror qilgan.
Izoh (0)