Toshkentda endi bino-inshootlar loyihalari elektr energiyaga bo‘lgan talabga oldindan moslab turib amalga oshiriladi. Bu haqda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

8-avgust kuni prezidentga poytaxt energiya ta’minotini yaxshilash rejalari bo‘yicha taqdimot qilingandi. Sherzod Hidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, prezident Toshkent shahridagi elektr energiyadagi barcha muammolarni bartaraf qilish, bu borada strategiyada belgilangan barcha ishlarni 2030-yilgacha yakunlash topshirig‘ini bergan. Taqdimotda “elektr halqasini” joriy qilish, shu yilning o‘zida poytaxtdagi elektr energiyasi bo‘yicha cheklovlarni bartaraf qiladigan tizim ko‘rsatildi.
“Barcha tumanlarda elektr energiyasida muammo bo‘lmasligi uchun transformator podstansiyalarining hammasida yuklanishlarni hisobga olib, raqamlashtirilgan tizim qilish bo‘yicha topshiriqlar berdilar. Bu bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Shu bilan birga, barcha qurilishga ruxsat berilayotgan bino-inshootlar, uy-joylarning hammasida oldin elektr energiyaga bo‘lgan talabni o‘rganib, o‘sha talabni bartaraf qilib, qancha elektr energiyaga talab bo‘ladigan bo‘lsa, o‘shanga moslab turib loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdilar”, dedi vazir.

Sherzod Hidoyatovning aytishicha, bu ishlar Energetika vazirligi bilan birgalikda integratsiya qilingan holatda raqamlashtiriladi. Texnik shartlar onlayn rejim orqali beriladi, qurilish ishlari oldindan elektr energiyaga moslab turib amalga oshiriladi.
Oxirgi ikki yilda Toshkentda elektr taʼminotini yaxshilash uchun 2,8 trillion so‘m yo‘naltirilgan. 36 ta podstansiya, 665 ta transformator, 2 ming kilometrdan ziyod tarmoq yangilangan. Lekin hali qilinadigan ishlar ko‘p. 46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlayapti. Yil boshidan beri poytaxtimizda elektr isteʼmolchilari yana 40 mingtaga ko‘paygan, talab 6 foiz o‘sgan.
2025-yilda birinchi bosqichda 374 kilometr tarmoq, 11 ta podstansiya, 62 ta transformatorni yangilash ko‘zda tutilgan. Kelasi yil yana 788 kilometr tarmoq, 35 ta podstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi.
Izoh (0)