Janubiy Koreya armiyasidagi askarlar soni oxirgi olti yil ichida 20 foizga qisqardi. Bunga mamlakatda harbiy xizmatga chaqiriladigan erkaklarning keskin kamayishi sabab bo‘lgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Janubiy Koreya Mudofaa vazirligining hisobotiga ko‘ra, harbiy xizmatga chaqiriladigan erkaklar sonining keskin kamayishi ofitserlar yetishmovchiligiga ham olib kelmoqda. Bu jarayon davom etadigan bo‘lsa, qurolli kuchlarda turli xil qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin.
Mazkur hisobot hukmron Demokratik partiya deputati Chu Mi-ayega taqdim etilgan bo‘lib, uning ofisi hisobotni ommaga e’lon qilgan.
Qayd etilishicha, Janubiy Koreya armiyasi 2000-yillarning boshlaridan boshlab muntazam ravishda qisqarib kelmoqda. O‘sha davrda askarlar soni taxminan 690 mingni tashkil etgan. 2019-yilda faol xizmatdagi askar va ofitserlar soni qariyb 563 ming nafarni tashkil qilgan. Qisqarish sur’ati 2010-yillarning oxirida tezlashib ketgan.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yildan 2025-yilgacha 20 yoshli erkaklar soni 30 foizga kamayib, 230 ming kishiga tushgan. Aksariyat erkaklar shu yoshda tibbiy ko‘rikdan o‘tib, 18 oy davom etadigan majburiy harbiy xizmatga kirishadi.
1953-yilda Koreya urushi yakunlanganidan so‘ng, har bir koreyalik 36 oy muddatga harbiy xizmatga jo‘natilgan. Biroq hozirda majburiy xizmat muddati 18 oyga tushirilgan. Bunga AQSH bilan harbiy sohadagi keng hamkorlik va mudofaa sanoatini rivojlantirish orqali erishilgan.
2025-yilda Janubiy Koreya mudofaa byudjeti 43,9 milliard AQSH dollaridan oshadi. Bu raqam Shimoliy Koreyaning butun iqtisodiyotining ko‘rsatkichidan ham kattaroqdir.
Mamlakat Mudofaa vazirligi armiyada xavfsizlikni saqlash uchun yetarli bo‘lgan sondan 50 ming askar kamligini bildirgan. Hozirning o‘zida Janubiy Koreya qurolli kuchlariga 21 ming nafar kichik serjant yetishmaydi.
Janubiy Koreya dunyodagi eng tez qarib borayotgan jamiyatlardan biri bo‘lib, 2024-yilda tug‘ilish koeffitsiyenti 0,75 ga teng. Ya’ni koreyalik har bir ayoldan o‘rtacha bir nafardan ham kam farzand kutiladi. Hukumatning bildirishicha, 2020-yilda 51,8 millionga yetgan mamlakat aholisi 2072-yilga kelib 36,2 millionga tushadi.
Izoh (0)