O‘zbekistonda “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinngani haqida xabar berilgan edi. Ushbu qonun 2026-yil 7-avgustdan kuchga kiradi.

Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston hududida jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan va (yoki) ko‘paytiriladigan hayvonlar — belgilangan tartibda identifikatsiya qilinishi hamda ro‘yxatga olinishi kerak:
- qoramol, qo‘y, echki va tuyalar – tug‘ilganidan 14 kundan keyin;
- otlar – tug‘ilganidan 4 oydan keyin;
- cho‘chqalar tug‘ilganidan – 1 oydan keyin;
- itlar va mushuklar – tug‘ilganidan 3 oydan keyin.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish — hayvonlar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlarni (yoshi, jinsi, rangi, zoti va boshqa zarur ko‘rsatkichlarni) aniqlash uchun hayvonlarga idenfikatsiya raqami, ya’ni bir marta beriladigan hamda boshqa hayvonlarda takrorlanmaydigan harfli va raqamli ramzlarga ega noyob kod o‘rnatish.
Hayvonlarga quloq uchun birka (yirik va mayda shoxli qoramol, tuya va cho‘chqalarda), tavro yoki kleyma (ot va eshaklar), jetonlarda (kuchuk va mushuklar) aks ettiriluvchi individual raqam beriladi.
Hayvonlarni kuzatish deganda ularning butun yashash davri davomida kelib chiqish joyi, tug‘ilishi va ko‘chib yurishi (migratsiyasi) haqidagi, shuningdek hayvonlarda uchraydigan kasalliklar profilaktikasi, ularga tashxis qo‘yish va ularni davolash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash tushuniladi.
Saqlash va (yoki) ko‘paytirish maqsadida O‘zbekistonga olib kiriladigan hayvonlar olib kirilgan sanadan e’tiboran 21 kundan kechiktirmay identifikatsiya qilinishi lozim. O‘zbekistonda saqlanadigan yoki ko‘paytiriladigan hayvonlar so‘yilgan (nobud bo‘lgan, o‘lgan, yo‘q qilingan) yoki O‘zbekistondan tashqariga olib chiqilgan taqdirda 7 kunlik muddatda hisobdan chiqariladi.
Elektron axborot tizimi — ma’lumotlar bazasida identifikatsiya qilingan hayvonlar ro‘yxati, ularni ro‘yxatga olish, hisobdan chiqarish va boshqa harakatlar to‘g‘risidagi axborotlar saqlanadi.
Unda hayvonning egasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham saqlanadi.
- Hayvon egasi jismoniy shaxs bo‘lsa — familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, shaxsiy identifikatsiya raqami, jismoniy shaxsning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning yashash joyi va telefon raqami ko‘rsatiladi.
- Hayvonning egasi yuridik shaxs bo‘lsa — yuridik shaxsning to‘liq nomi, davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanasi, manzili, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami hamda ushbu yuridik shaxs rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi va telefon raqami kiritiladi.
Hayvon egasining huquq va majburiyatlari
Ular quyidagi huquqlarga ega:
- elektron axborot xizmatidan o‘ziga tegishli bo‘lgan hayvonlar to‘g‘risida axborot olish;
- o‘ziga tegishli bo‘lgan hayvonlarni identifikatsiya qilishni va ro‘yxatdan o‘tkazishni vakolatli davlat organi vakilidan talab qilish;
- vakolatli davlat organi vakilining g‘ayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilish;
- identifikatsiya qilingan hayvonlarda o‘tkazilgan tashxis qo‘yishga doir tekshirishlar va davolash natijalari haqida axborot olish;
- davlat veterinariya xizmatidan mamlakat hududidagi epizootik vaziyat va profilaktika tadbirlari to‘g‘risida bepul axborot olish.
Hayvonning egasi:
- hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
- o‘ziga tegishli hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va hisobdan chiqarish, shuningdek, hayvonning egasi almashgan taqdirda qayta ro‘yxatga olish uchun vakolatli davlat organiga belgilangan muddatlarda elektron tarzda yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi;
- identifikatsiya qilinmagan va ro‘yxatga olinmagan hayvonlarning saqlanishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatishga qaratilgan tadbirlar hayvon egalarining o‘z mablag‘lari, homiylik xayriyalari, davlat byudjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Izoh (0)