Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

AQSh Kongressining vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Xitoyda inson huquqlarining buzilayotganini aytib, dunyo yetakchilarini 2022-yil Pekinda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlariga tashrif buyurishdan voz kechishga chaqirdi. Bu haqda CNBC telekanali xabar berdi.

Foto: EPA

Foto: EPA

“Biz Olimpiya o‘yinlarining Xitoyda bo‘lib o‘tishida hech qanday yomon narsa yo‘qdek harakat qila olmaymiz”, — deb ta’kidladi Pelosi Kongressning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi majlisida.

“Agar siz davom etayotgan genotsid sharoitida musobaqalarda ishtirok etsangiz, savol tug‘iladi: genotsid sodir etayotgan bir paytda Xitoy hukumatiga hurmat ko‘rsatishga tayyor ekansiz, dunyoning istalgan nuqtasida turib, inson huquqlari to‘g‘risida gapirishga qanday ma’naviy haqingiz bo‘ladi?” — deb murojaat qildi Pelosi dunyo yetakchilariga.

U Olimpiadaning moliyaviy homiylarini tanqid qildi va agar Xitoydagi inson huquqlarining buzilishiga tijoriy omillar bilan qarshi turilmasa, qayerda bo‘lmasin, inson huquqlarini himoya qilish uchun barcha axloqiy huquqlar boy berilishini ta’kidladi.

Pelosi Xitoyning Tibetida keskinlik kuchaygan bir paytda 2008-yilgi Pekin Olimpiadasiga qarshi “diplomatik boykot” e’lon qilishga uringani muvaffaqiyatsiz bo‘lganini tan olar ekan, u hozir bildirayotgan taklifining inobatga olinishiga ham shubha bilan qaramoqda. Shu bilan birga, spiker sportchilarni o‘yinlarda ishtirok etishi kerak deb hisoblaydi.

Avvalroq AQSh, Kanada va Buyuk Britaniya Xitoyni “uyg‘urlar genotsidi”da ayblab, unga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. Shuningdek, AQSh uyg‘urlarga qilinayotgan zug‘umlar sabab Shinjondan paxta importini cheklab qo‘ygani hamda Pekinda o‘tkaziladigan 2022-yilgi qishki Olimpiadani boykot qilishi mumkinligi haqida xabar berilgan.

Xitoy AQSh va Kanadani Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududi tufayli Xitoyga qarshi uyushtirgan “xato harakatlarini” tuzatishga va Xitoyning ichki ishlariga aralashishni bas qilishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyda H&M, Nike va yana bir nechta xalqaro korporatsiyalarning mahsulotlariga qarshi boykot boshlangan. Ta’kidlanishicha, ular Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududidagi paxta dalalarida odamlarga qullardek munosabatda bo‘linayotgani haqidagi bayonotlar bilan mamlakat ichki siyosatiga aralashgani qayd etilgan.

Shinjonda sodir bo‘layotgan voqealar muhokamasi Xitoydagi eng mojaroli mavzulardan biri hisoblanadi. Mahalliy ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar hududdagi vaziyat muhokamasi, u yerdagi holatlarni shunchaki eslab o‘tgani tufayli ham tez-tez bloklanadi. Human Rights Watch huquqni himoya qiluvchi tashkiloti tahlilchilari g‘arb brendlariga qarshi kampaniyaning hukumat uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini taxmin qilgan. Sababi avval Shinjonda uyg‘urlarning huquqlari poymol bo‘layotgani haqida bilmagan foydalanuvchilar vaziyatga jiddiy qiziqishni va ijtimoiy tarmoqlarda u yerda haqiqatda nima bo‘layotgani haqida axborot izlashni boshlab yuborgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk, avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazishda davlat boji miqdorlari kamaytirildi
Mahalliy
Elektr va gazdan shikoyat qilgan fuqarolarni qamoq bilan “ogohlantirgan” deputat o‘z xohishiga ko‘ra ariza yozdi
Mahalliy
O‘zbekistonning katta qismida hafta oxiriga borib anomal sovuq bo‘lishi kutilmoqda