Xitoy hukumati Buyuk Britaniyaning mamlakatdagi Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida inson huquqlari buzilayotgani to‘g‘risidagi da’volariga javob berdi, deb yozadi Reuters.

Foto: Reuters

Xabarga ko‘ra, Britaniya parlamenti hukumatni xalqaro qonunlardan foydalanishga va vazirlarga Pekinni tanqid qilishda davom etishi uchun bosimni kuchaytirish orqali qonunchilar “Shinjon genotsidi” deb atagan harakatlarga chek qo‘yishga chaqirgan. Buyuk Britaniyadagi Xitoy elchixonasi parlamentning bu harakatini qoralab, Buyuk Britaniyani Xitoyning asosiy manfaatlarini hurmat qilishga oid aniq qadamlar tashlashga chaqirdi.

“Bir necha britaniyalik deputatlar tomonidan Shinjonda genotsid yuz berayotgani to‘g‘risidagi asossiz ayblov — bu asrning eng bema’ni yolg‘oni, Xitoy xalqiga nisbatan og‘ir haqorat, shuningdek,  xalqaro huquq va xalqaro munosabatlarning asosiy normalarini qo‘pol ravishda buzishdir. Xitoy Buyuk Britaniyaning mamlakat ichki ishlariga aralashishiga qat’iyan qarshi”, — deyiladi elchixonaning bayonotida.

Avvalroq AQSh, Kanada va Buyuk Britaniya Xitoyni “uyg‘urlar genotsidi”da ayblab, unga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. Shuningdek, AQSh uyg‘urlarga qilinayotgan zug‘umlar sabab Shinjondan paxta importini cheklab qo‘ygani hamda Pekinda o‘tkaziladigan 2022-yilgi qishki Olimpiadani boykot qilishi mumkinligi haqida xabar berilgan.

Xitoy AQSh va Kanadani Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududi tufayli Xitoyga qarshi uyushtirgan “xato harakatlarini” tuzatishga va Xitoyning ichki ishlariga aralashishni bas qilishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyda H&M, Nike va yana bir nechta xalqaro korporatsiyalarining mahsulotlariga qarshi boykot boshlangan. Ta’kidlanishicha, ular Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududidagi paxta dalalarida odamlarga qullardek munosabatda bo‘linayotgani haqidagi bayonotlar bilan mamlakat ichki siyosatiga aralashgani qayd etilgan.

Shinjonda sodir bo‘layotgan voqealar muhokamasi Xitoydagi eng mojaroli mavzulardan biri hisoblanadi. Mahalliy ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar hududdagi vaziyat muhokamasi, u yerdagi holatlarni shunchaki eslab o‘tgani tufayli ham tez-tez bloklanadi. Human Rights Watch huquqni himoya qiluvchi tashkiloti tahlilchilari g‘arb brendlariga qarshi kampaniyaning hukumat uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini taxmin qilgan. Sababi avval Shinjonda uyg‘urlarning huquqlari poymol bo‘layotgani haqida bilmagan foydalanuvchilar vaziyatga jiddiy qiziqishni va ijtimoiy tarmoqlarda u yerda haqiqatda nima bo‘layotgani haqida axborot izlashni boshlab yuborgan.