Xitoyda H&M, Nike va yana bir nechta xalqaro korporatsiyalarining mahsulotlariga qarshi boykot boshlandi, ular Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududidagi paxta dalalarida odamlarga qullardek munosabatda bo‘linayotgani haqidagi bayonotlar bilan mamlakat ichki siyosatiga aralashgani qayd etilgan. Bu haqda Meduza xabar bergan.

Shinjonda paxtani yuk mashinalariga ortish jarayoni

Foto: AFP

G‘arb tahlilchilari mazkur kampaniyaning hukumat tomonidan Yevropa ittifoqida e’lon qilingan sanksiyalarga javob harakati ekanini taxmin qilgan. 22-martda Yevroittifoq Shinjonda inson huquqlariga zid harakatlar amalga oshirilganini gumon qilib xitoylik bir nechta amaldor va tashkilotlarga nisbatan cheklovlar joriy etgan. Shu kunning o‘zida Xitoy tomonidan mazkur ayblovlar, ya’ni uyg‘urlarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari yolg‘on va xato ma’lumot ekani, faktlar bir-biriga zid kelib, tekshirilmagani, asosli emasligi ma’lum qilingan. Xitoy ham Yevropa ittifoqning 10 nafar parlamentariy, olim va siyosatchisiga qarshi sanksiya qo‘llagan. AQSh, Kanada va Buyuk Britaniya uyg‘urlar huquqlari buzilishi tufayli Xitoyga qarshi sanksiyalar kiritgan.

Oradan muayyan vaqt o‘tgan Xitoydagi Weibo ijtimoiy tarmog‘ida H&M’ning bayonoti e’lon qilingan, unda kompaniyaning Xitoy fabrikalarida inson huquqlarini poymol qilgan holda odamlarning majburiy mehnatga jalb qilinayotgani va mazkur gumonlar o‘z tasdig‘ini topadigan bo‘lsa, u holda mamlakat bilan hamkorlik aloqalari to‘xtatilishi mumkinligini bildirgan. Ushbu bayonot 2020-yil kuzida e’lon qilingan, ammo Xitoydagi internet foydalanuvchilar orasida keng tarqalmagan edi.

Bayonot e’lon qilinib, tarqatila boshlanganidan keyin postlar ostida odamlarni H&M mahsulotlarini sotib olmaslikka chorlovchi izohlar ko‘paya boshlagan. Keyinchalik Shinjondagi voqealarga bir vaqtlar keskin munosabat bildirgan boshqa katta brendlarning mahsulotlariga nisbatan ham norozilikni ifodalovchi izohlar paydo bo‘ldi — Nike, Adidas, Gap va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi boshqa katta kompaniyalar shular jumlasidan. Weibo’da “Men Shinjon paxtasini qo‘llab-quvvatlayman” degan mazmundagi xeshteg trendga olib chiqildi. Foydalanuvchilar krossovkalar va boshqa kiyimlarni yoqayotgani aks etgan videolarni e’lon qilishni boshlab yubordi.

Xitoy kommunistik partiyasi nashri bo‘lgan “Jenmin Jibao” gazetasida aholini g‘arb kompaniyalarining haqoratli bayonotlariga qarshi keskin munosabat bildirish va boykot e’lon qilishga chorlovchi tahririyat maqolasi chop etildi. Sinxua davlat agentligi H&M’ning Xitoy xalqi manfaatlariga zid yo‘l tutganlikda va bu orqali daromad olishga uringanlikda ayblagan. Parallel ravishda CGTN davlat telekanali Shinjondan reportaj tayyorlab, unda paxta va undan tayyorlanadigan xomashyoni ishlab chiqarishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanilayotgani, katta maosh olayotgan ishchilar o‘rni uchun raqobat kuchlik ekani ta’kidlangan.

Shuningdek, katta onlayn savdo maydonlari va reteylerlar H&M hamda boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikdan voz kechishni rejalashtirmoqda, Xitoyning taniqlik mediaqiyofalari shaxsiy homiylik shartnomalarini bekor qilmoqda. H&M’ning Weibo’dagi rasmiy akkuanti xitoylik iste’molchilarga hurmat bilan munosabatda bo‘linishi va kompaniyaning hech qanday siyosiy pozitsiyadan turib voqealarga baho berish niyati yo‘qligi haqida bayonot bergan.

Shinjonda sodir bo‘layotgan voqealar muhokamasi Xitoydagi eng mojaroli mavzulardan biri hisoblanadi. Mahalliy ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar hududdagi vaziyat muhokamasi, u yerdagi holatlarni shunchaki eslab o‘tgani tufayli ham tez-tez bloklanadi. Human Rights Watch huquqni himoya qiluvchi tashkiloti tahlilchilari g‘arb brendlariga qarshi kampaniyaning hukumat uchun jiddiy oqibatlar olib kelishi mumkinligini taxmin qilgan. Sababi avval Shinjonda uyg‘urlarning huquqlari poymol bo‘layotgani haqida bilmagan foydalanuvchilar vaziyatga jiddiy qiziqishni va ijtimoiy tarmoqlarda u yerda haqiqatda nima bo‘layotgani haqida axborot izlashni boshlab yuborgan.