Toshkentda uy olib berishni va’da qilib, Rossiya fuqarosini 52 million so‘mga chuv tushirishdi, deya xabar bermoqda Tergov departamenti.
Qayd etilishicha, 2021-yilning 25-aprel kuni Rossiya fuqarosi 77 yoshli F.R. Yakkasaroy tumani bo‘yicha IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, unda 2020-yilning iyun oyida tanishi 40 yoshli S.A. Toshkent shahar hokimiyati orqali uy sotib olishida yordam berishini va’da qilib, Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi 62-uy oldida 52 million so‘m pullarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, bergan va’dasini bajarmaganligini ma’lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Toshkentda vafot etgan bolaning suratini internetga joylab, shu orqali xayriya puli to‘plagan ayol ushlangani, Toshkent viloyatida tanishlari orqali IIV tizimiga ishga kiritib qo‘yishi uchun 4,5 ming dollar talab qilgan shaxs ushlangani hamda Shahrixonda kanalning muhofaza hududidan qurilish qilish uchun texnik xulosa berish evaziga 500 dollar olgan mas’ul qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)