“Manchester Yunayted” va “Liverpul” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvning yangi sanasi belgilandi.
O‘yin 13-may kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Premyer Liga matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shu tariqa “Manchester Yunayted” 6-maydan 13-maygacha 8 kun ichida to‘rtta uchrashuv o‘tkazadi. 6-may kuni jamoa Yevropa Ligasi yarim finali doirasida “Roma”ga qarshi bahs olib boradi. 9, 11 va 13-may kunlari esa “Aston Villa”, “Lester” va “Liverpul”ga qarshi APL uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Qayd etish kerak, “qizil iblislar” 1992-yilning aprelidan beri ilk bor besh kun ichida uchta APL o‘yinida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, aslida “Yunayted” va “Liverpul” o‘rtasidagi o‘yin 2-may kuniga belgilangandi. Biroq manchesterlik muxlislarning norozilik aksiyalari sabab uchrashuv noma’lum muddatga qoldirilgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!