“Leypsig” bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann yozda “Bavariya” ustoziga aylanadi.
Bild nashrining xabar qilishicha, 33 yoshli mutaxassis “Bavariya” taklifini qabul qilgan.
Myunxenliklar “Leypsig”ga 15 million yevro miqdorida kompensatsiya to‘laydi. Agar mutaxassis “Bavariya” bilan sovrin yutadigan bo‘lsa, u holda “buqalar” qo‘shimcha 5 million yevro bonusga ega bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, Nagelsmanning yillik maoshi 8 million yevroni tashkil qiladi va u Myunxen klubi bilan uzoq yillik shartnoma imzolaydi.
“Bavariya” Nagelsmann bilan kelishuvga erishilganini e’lon qilishdan avval Hans-Diter Flik bilan shartnoma bekor qiladi. Avvalroq mutaxassis mavsum oxirida jamoani tark etishini e’lon qilgandi.
Nagelsmann “Leypsig”ga kelgunga qadar “Hoffenhaym”ni boshqarib borgan. U avvalroq Chempionlar Ligasi pley-off bosqichida g‘alaba qozongan va YChL yarim finaliga chiqqan eng yosh murabbiyga aylangandi. Shuningdek, 29 yoshli Nagelsmann qo‘l ostidagi “Hoffenhaym” o‘z tarixida ilk bor Chempionlar Ligasi yo‘llanmasiga ega bo‘lgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)