15-aprel kuni Toshkent viloyatida 75 ming dollarga yer olib bermoqchi bo‘lgan soxta prokuror Bosh prokuratura Ichki xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi va departament xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro A.J. o‘zini Bosh prokuratura departamentida, yaqin qarindoshi esa Bosh prokuraturada yuqori lavozimda ishlashini qayd etib, fuqaro B.Yu.ga Toshkent viloyati hududida 1,5 gektar yer maydoni ajratilishida tegishli qaror chiqartirib berishni va’da qilgan.
Hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga shu kunga qadar 51 100 dollarni qo‘lga kiritib, qolgan 24 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Ta’kidlanishicha, gumonlanuvchi A.J. muqaddam Jinoyat kodeksining qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun qidiruvda bo‘lgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Buxoroda mansabdor tanishlari orqali 41 500 dollarga yer olib berishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olingani, Navoiyda o‘ziga tegishli bo‘lmagan yerni 150 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan mansabdor shaxs ushlangani, shuningdek, Farg‘onada 8 gektar yer olishda yordam berish evaziga 8 ming dollar olgan sobiq kadastr xodimi, Xorazmda 5 ming dollar evaziga yer olib berishni va’da qilgan shaxslar ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)