13-aprel kuni nafaqat gunohlardan, balki organizmdagi turli xilt va toksinlardan tozalanish, sog‘lomlashish oyi bo‘lgan Ramazon kirib keldi. Odamlar Ramazonni sog‘ingan, Ramazon ham bizni sog‘ingani uchun har yili bir necha kunga oldinroq kelar ekan.

Ramazonga shahar infrastrukturasi mutasaddilari ham tayyorgarlik ko‘radi. Toshkent shahrida tarovih namozi munosabati bilan har Ramazon oqshomida (13-apreldan 12-mayga qadar) — soat 18:00 dan 23:00 gacha masjidlar yaqinidagi yo‘llar transport vositalari harakati uchun yopildi. Shu ko‘chalar orqali yuradigan avtobuslar ham yo‘nalishini vaqtincha o‘zgartirdi. Holatga qarab, namozxonlar soni ko‘payib ketgan taqdirda masjidga tutashgan boshqa yo‘llar ham yopilishi mumkin.

Farg‘ona shahridagi “Ahmadjon qori” jome masjidida tarovih namozi.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon oyi bilan tabrikladi. Bu uning Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurgan vaqtida bo‘ldi. “Ramazon oyi – ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan muqaddas oy...” dedi prezident.

Ramazonning birinchi jumasida masjidlar namozxonlar bilan to‘lib-toshdi. Ramazon oyiga yaqin mamlakatning turli hududlarida yangi masjidlar ochildi. Xususan, Samarqandda uchta, Sirdaryoda esa bitta yangi masjid ochildi. Navoiy viloyati Konimex tumanida esa aholi Prezidentdan 2019-yil qurilishini so‘ragan “Mix ota” masjidi qayta qurilib, foydalanishga topshirildi. Mamlakatimizning turli masjidlarida o‘qilayotgan ilk juma namozlarining suratlarini ushbu maqolada tomosha qiling. Unda Namangandagi “Afsonalar vodiysi”da yangicha uslubda qurilgan masjiddan fotolavhalar ham bor. Tarovehlar ham risoladagidek ado etilmoqda. Ammo oxirgi kunlarda koronavirusning yangi-yangi shtammlari uchrayotgan sababli tarovih namozlarida 65 yoshdan kattalar va maktab o‘quvchilarining ishtirok etmasligi tavsiya qilindi.

Ramazon shirin o‘tishi uchun Saudiya Arabistoni O‘zbekistonga 50 tonna xurmo sovg‘a qilgani haqida xabar berilgan edi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi matbuot xizmati ushbu xurmolar respublika bo‘ylab muhtojlarga beg‘araz xayriya qilinayotganini ma’lum qildi.

*                      *                      *

Ilgari o‘quvchilarning shiori “O‘qish, o‘qish va yana o‘qish” bo‘lsa, bugungi amaldorlarimizning shiori “Nepotizm, lobbizm va tanishbilishizm”. Qurilish vaziri Botir Zokirovga aloqador “Trest-12” kompaniyasi Mustaqillik maydonidagi 431,5 mlrd so‘mlik loyiha pudratchisi sifatida tanlandi.

Foto: “Gazeta.uz”

Kompaniya ta’sischilari orasida qurilish vaziri Botir Zokirovning o‘g‘li va rafiqasi ham bor. Bu firma 10 yil ichida 800 million dollardan ortiq qiymatdagi qurilish-ta’mirlash ishlarini bajargan. Ular orasida yirik davlat buyurtmalari ham talaygina: Vazirlar Mahkamasi, Senat, Moliya vazirligi binolari, “Bunyodkor” stadioni va Islom sivilizatsiyasi markazi shular jumlasidan. Oxirgi loyihalar orasida kompaniya tendersiz bosh pudratchi etib belgilangan Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini ko‘rsatish mumkin. 2020-yil oktabr holatiga loyiha qiymati 988,2 milliard so‘m deb baholangan (jumladan, tadbirkor Alisher Usmonov hisobidan ham moliyalashtirilgan).

Toshkentda 431 milliard so‘mlik davlat buyurtmasi qurilish vaziri Botir Zokirovga aloqador kompaniyaga tendersiz berilgani ma’lum bo‘lgach, Aksil korrupsiya agentligi boshqarma boshlig‘i Zuhriddin Qodirov bu masala yuzasidan o‘rganishlar boshlanganini aytdi, deb yozmoqda “Kun.uz”. Qurilish vaziri Botir Zokirov bo‘lsa: “Trest-12” kompaniyasiga men yoki oilamning umuman aloqasi yo‘q”, deb aytdi. Vazirning batafsil bayonotini va maqola ostidagi izohlarni o‘qib, o‘zingiz xulosa qiling.

*                      *                      *

Nihoyat talabalarning ko‘chasida ham bayram bo‘ladigan ko‘rinadi. Prezident ijarada yashaydigan talabalar uchun Hukumat dasturi tayyorlanayotganini ma’lum qildi.  Bugungi kunda 130 mingdan ziyod oliygoh talabalari ijarada yashamoqda. Ularga maydan boshlab ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi. Dastlabki bosqichda ushbu tizim orqali 60 ming nafar yoshlar qamrab olinadi. Shuningdek, ehtiyojmand talabalarga ushbu xarajatlar hokimliklar va oliygohlar mablag‘i hisobidan ham qoplab beriladi. Navbatdagi o‘quv yilida buning uchun 100 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, 4.4 trillion so‘m mablag‘ yangi yotoqxonalar qurilishiga yo‘naltiriladi.

*                      *                      *

Bu hafta prezident Samarqand viloyatida bo‘ldi. Samarqand xalqaro aeroportidagi qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi va shu yerdan turib, O‘zbekiston xalqini Ramazon bilan qutladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shundan keyin Shavkat Mirziyoyev shahardagi ko‘p qavatli uylarni ko‘zdan kechirdi, turizm markaziga bordi, birinchi prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Samarqand viloyati markazi Gulobodga ko‘chirilishi haqida gap ochib, Samarqand millionli shaharga aylanishiga to‘xtaldi. Bundan tashqari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston tomonidan amalga oshirilayotgan Mozori-Sharif—Kobul—Peshovar temiryo‘lini qurish loyihasining ahamiyati haqida gapirdi: Agar 27 yil ichida biz Xitoy yoki boshqa bir Osiyo mamlakatiga temiryo‘l qurganimizda, eksport qilinadigan mahsulotlarimiz narxi 60-70 foizga arzonroq bo‘lar edi. Prezidentning aytishicha, O‘zbekistonga eksport qilishda haligacha Rossiya yoki Qozog‘iston orqali eksport qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Transafg‘on temiryo‘li qurilishi boshlangandan so‘ng O‘zbekiston o‘z eksport bozorlarini diversifikatsiya qiladi, qo‘shni davlatlar esa O‘zbekiston mahsulotlari uchun tranzit tariflarini pasaytiradi. Mana – Afg‘oniston bilan do‘stlashuv nima uchun kerak.

*                      *                      *

Keling, Olmaliqdagi xunuk voqeani ham dayjestimizga qo‘shib ketaylik. Yaqinda Telegram kanallarda Olmaliqda yo‘l chetida sotuvchilik bilan kun ko‘radigan ayolni mitti bolasining ko‘z o‘ngida soliqchilar buyumlarini tortib olayotgani videosi tarqaldi. Baayni bu voqea ikki asr muqaddam sodir bo‘lgandek. Xonning badjahl o‘lponchilari kambag‘alning bolasi chirqirashiga qaramasdan bor budini yig‘ishtirib chiqib ketgani tasvirini kitoblarda o‘qiganmiz, tarixiy kinolarda ko‘rganmiz. Xuddi shunaqasi 3-4 kun avval sodir bo‘ldi.

Video tarqalishi bilanoq Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev onlayn munosabat bildirib “Ushbu videomurojaatni zudlik bilan yozishimga kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahrida sodir bo‘lgan noxush hodisa sabab bo‘ldi. Bu biz uchun juda uyatli, bizning sha’nimizga, umuman soliq xizmatining vazifalariga to‘g‘ri kelmaydigan hodisa yuz bergan”, — dedi va uzr so‘radi. Ko‘p o‘tmasdan sotuvchi ayolning buyumlarini tortib olgan soliqchilar ishdan bo‘shatilib unvonlari bekor qilindi. Bundan tashqari, Davlat soliq qo‘mitasining 11 nafar xodimi ishdan bo‘shatildi va Toshkent viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘iga hamda Olmaliq shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘iga hayfsan berildi.

*                      *                      *

Koronavirus mavzusiga qaytamiz. Ming afsuski, battol virus xuddi ajdaho kabi bir boshini kessa, qolganlari o‘sib chiqib xalqimizning tinkasini quritmoqda. Koronavirusni yuqtirganlar soni kunlik 300 dan oshib borishi ortidan Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida koronavirusga qarshi kurash komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Hukumat rahbarining aytishicha, O‘zbekistonda virusning “afrikancha” shtammi ham aniqlangan.

Abdulla Aripovning ma’lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham hozirgi pandemiya holatidan bezovta bo‘lib, Respublika maxsus komissiyasiga e’tiroz bildirgan, joylarda karantin tadbirlarini tashkil etishda tegishli choralar ko‘rilmayotganini ta’kidlagan.

18-apreldan karantin qoidalariga amal qilinishini nazorat qilish yanada kuchaytirildi. Bog‘cha va maktablarda kasallanish holati aniqlangan taqdirda, ularning faoliyatini zudlik bilan to‘xtashish va 2 haftaga karantinga olish belgilandi. Ushbu vaqt mobaynida ular onlayn tartibida faoliyat yuritadi. Ramazon oyida tarovih namozlarini ochiq hududlarda ado etish, iftorliklarni imkon qadar oila davrasida yoki ishtirokchilar soni cheklangan holatda o‘tkazish zarurligi belgilandi. Bundan tashqari umumiy ovqatlanish muassasalarida o‘rinlar 50 foizgacha cheklanadi, lekin 100 kishidan oshmasligi nazorat qilinadi. Avtobuslarda o‘rindiqlar 50 foizgacha cheklanadi, avtobuslar soni ko‘paytiriladi. 1-maydan boshlab konsert tomosha dasturlarini yopiq madaniyat saroylarida o‘tkazish to‘xtatiladi, deb yozmoqda davletovuz. Bir so‘z bilan aytganda bo‘shab ketgan gaykalar yana qotiriladi. Bu choralarning hammasi salomatligimiz uchundir.

Foto: “Daryo”

Dayjestimiz so‘ngida bir qiziq voqeaga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Birinchi prezident Islom Karimovning “O‘zbekistonda o‘ta boylar ham, o‘ta kambag‘allar ham bo‘lmaydi”, degan qarashi davlatimiz siyosatini ifodalashi sir emas (ya’ni tabaqalashuvga yo‘l qo‘yilmaydi). Shu boisdan O‘zbekistonda yashovchi biznesmenlar va umuman puldorlar o‘z boyligi miqdorini biror yerda oshkor etmagan. Ammo o‘tgan hafta Murad Buildings asoschisi Murod Nazarov o‘z boyligi miqdorini aytdi. Murod Nazarovning jami boyligi kompaniyalar aksiyalari va boshqa aktivlarni qo‘shib aytganda 50 million dollarga borarkan. Aslida, mamlakatimizda Nazarovdan ham badavlatroq insonlar yo‘q emas, ammo ular hozirgacha sipo rejimni yoqib kelmoqda. Nazarov boyligi miqdorini oshkor qilgan birinchisi bo‘ldi. Keling, tan olaylik — tabaqalashuv bor. Faqat buni taraqqiy etgan mamlakatlaridagi kabi madaniy ko‘rinishga keltirish – asosiy masala.

Shu bilan dayjestimiz tugadi, “Daryo”da qoling, karantin qoidalariga rioya qiling.