Daryo

Saudiya Arabistoni Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekistonga 50 tonna xurmo sovg‘a qildi

Xurmolar respublikadagi tashkilotlar, masjidlar, madrasalarga xayriya sifatida tarqatiladi

1 daqiqa o‘qish46 688 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: “Vaqf” xayriya jamoat fondi matbuot xizmati

23-mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbarlari hamda Saudiya Arabistoni podshohligining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari bilan samimiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda fond matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Vaqf” xayriya jamoat fondi matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni podshohligi o‘rtasida ishonchli hamkorlik va do‘stona munosabat o‘rnatilgan bo‘lib, ikki davlat orasida ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv chog‘ida Saudiya Arabistonining “Podshoh Salmon” nomidagi insonparvarlik yordami markazi kelayotgan Ramazon oyi munosabati bilan, mamlakatga beg‘araz ko‘mak sifatida 50 tonna xurmo sovg‘a qilgan. Xurmolarni Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi Hishom ibn Mish’al ibn Suvaylim O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov va “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo Abdurahmonovga topshirgan.

Foto: “Vaqf” xayriya jamoat fondi matbuot xizmati

Mazkur xurmolar “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Ramazon oyi arafasida respublikadagi tashkilotlar, masjidlar, madrasalarga xayriya sifatida tarqatilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq “Vaqf” fondi koronavirusdan vafot etgan masjid imom-noibining oilasiga Nukusdan uch xonali uy olib bergani xabar qilingandi.

Mavzuga doir: Saudiya Arabistoni koronavirusga qarshi emlangan ziyoratchilarga haj uchun ruxsat beradi

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar