Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev jamoat va tarovih namozlarida 65 yoshdan kattalar va bolalarning ishtirok etishini cheklash taklifini bildirdi. Bu haqda u Abdulla Aripov boshchiligida koronavirusga qarshi kurash komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qildi, deb xabar beradi “Daryo” muxbiri.

“Respublikamizda ‘britancha’ shtamm qayd etilgan. Bu infeksiya bolalar o‘rtasida ko‘proq uchraydi, degani. Shu bilan birga, uning tarqalishi ancha tezroq. Birinchi navbatda bolalar kasallansa, uydagi keksalar yuqtirish ehtimolligi bor”, — deydi Yusupaliyev.

Shuningdek, yig‘ilishda muqaddas Ramazon oyida tarovih namozlarini ochiq hududlarda ado etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Bosh vazir Abdulla Aripov cheklovlar insonlar sog‘lig‘ini o‘ylab amalga oshirilayotganini qayd etgan.

“E’tiqodni hech kim taqiqlab qo‘ya olmaydi, bu mumkin emas. Ammo cheklash degan narsani hattoki, kechirasizlar-u, Rim katolik cherkovining bosh idorasi ham odamlarning diniy marosimlarda qatnashishini bekor qildi…

Shuning uchun boshqa diniy konfessiyalarga ham bu kabi marosimlarni o‘tkazishni cheklash bo‘yicha topshiriq berish kerak. Bu hukumat komissiyasining qarori”, — deydi Aripov.

Avvalroq Abdulla Aripov boshchiligida koronavirusga qarshi kurash komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi boshlangani, O‘zbekistonga koronavirusning “afrikacha” shtammi kirib kelgani, 18-apreldan karantin talablari kuchaytirilishi, qoidabuzarlar qat’iy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.