Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 mingdan ziyod oliygoh talabalari ijarada yashamoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

“Ijarada yashayotgan talabalarga 1-maydan boshlab ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu masalani hal qilish bo‘yicha hukumat tomonidan alohida dastur tayyorlanmoqda. Dastlabki bosqichda ushbu tizim orqali 60 ming nafar yoshlar qamrab olinadi.

Shu bilan birga, ehtiyojmand talabalarga ushbu xarajatlar hokimliklar va oliygohlar mablag‘i hisobidan ham qoplab beriladi. Moliya vaziri Timur Ishmetov ushbu maqsadlar uchun 100 milliard so‘m ajratadi.

Abduqodir Toshqulov va Timur Ishmetov, rektor va viloyat moliya boshliqlari ikki hafta muddatda ijarada turgan talabalar bilan uchrashib, 1-maydan to‘lovlarni boshlaydi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev yoshlar muammolarini faqatgina Yoshlar agentligi yoki Yoshlar ittifoqining o‘zi hal qiladi, deb o‘ylash xato bo‘lishi, 2021-yilning birinchi choragida 33 ming nafar yoshga tadbirkorlik faoliyati uchun 800 milliard so‘m kredit ajratilganini ma’lum qilgani hamda yoshlar bilan ishlashni eplay olmagan bir qator amaldorlarni ishdan olgani haqida xabar berilgandi.