O‘zbekistonda 2021-yil boshidan buyon bojxonachilar huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda og‘irligi 65 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan DXX vakillari bilan hamkorlikda Toshkentning Sergeli tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tezkor tadbirda avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro R.T. boshqaruvidagi Matiz to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda yo‘lovchi sifatida ketayotgan A.D.ga tegishli bo‘lgan bir dona quti borligi, uning ichida 5 dona skotchlangan o‘ramda jami og‘irligi 6,8 kilogrammdan ortiq bo‘lgan opiy va gashish giyohvandlik vositalari yashirilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bundan avval Toshkentda qariyb 100 million so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgani, Farg‘onada uyida giyohvand modda saqlab kelgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda Andijonda giyohvand moddalarni oyoq kiyimga yashirib o‘tmoqchi bo‘lganlar qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)