AQShning San-Diyego shahridagi hayvonot bog‘ida ikkita gorilla koronavirus infeksiyasiga chalindi, deb yozadi “RBK”. Bu virusning odamsimon maymunlarga yuqishi haqida ma’lum bo‘lgan birinchi holatdir, deyiladi hayvonot bog‘i ma’muriyati tarqatgan press-relizda.

Foto: Getty Images

Maymunlar 6-yanvarda yo‘talishni boshlagan, shundan keyin ularda koronavirus borligi gumon qilinib, testlar o‘tkazilgan. AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi laboratoriyasi 11-yanvar kuni jonivorlarning COVID-19’ga chalinganini tasdiqladi. Hayvonot bog‘idagilar virusni boshqa gorillalar ham yuqtirib olgan bo‘lishi ehtimolini rad etmayapti.

Ayni paytda kasal jonivorlar karantinga olingan. Hayvonot bog‘i ularning butunlay sog‘ayib ketishiga umid qilmoqda. “Biroz burun bitishi va yo‘talni hisobga olmaganda, gorillalar o‘zlarini yaxshi his qilmoqda”, — dedi hayvonot bog‘i ijro etuvchi direktori Liza Peterson.

Tavsiya etilgan barcha choralarga amal qilinganiga qaramay, hayvonlar koronavirusni uni simptomlarsiz o‘tkazgan biror xodimdan yuqtirib olgani taxmin qilinmoqda. Hayvonot bog‘i tashrifchilar uchun 6-dekabrdan yopilgan.

BMTning hayvonlarni va bioxilma-xillikni asrash sohasidagi konvensiyasi anjumani ishtirokchisi, biolog Mariya Voronsova jonivorlarning jami 40 ga yaqin turi koronavirusga chalina olishini ma’lum qilgandi. Biologiya fanlari doktori Mixail Gelfandning aniqlik kiritishicha, barcha sut emizuvchilarning hujayralarida retseptorlar bo‘lib, ularga nazariy jihatdan, virus “sakrab o‘tishi” mumkin. Ammo amalda odam uni yovvoyi tabiat sharoitida yuqtirishi amri mahol.